Parij sudi fransiyalik aktyor Jyerar Depardeni jinsiy zo‘ravonlikda aybdor deb topdi. Aktyor 18 oy shartli qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar berdi BFM TV.
76 yoshli Depardega qarshi ayblovlar ikki ayol tomonidan ilgari surildi. Ular 2021 yilda filmni suratga olish vaqtida aktyor zo‘ravonlik qilganini da’vo etdi. Deparde ayblovlarni rad qildi.
Prokuratura Depardega shartli ravishda bir yarim yil qamoq jazosi va 20 ming yevro miqdorida jarima solishni talab qilgan edi.
Jyerar Deparde 2024 yil aprel oyida Parijda ikki ayol uni filmni suratga olish vaqtida jinsiy zo‘ravonlikda ayblaganidan keyin hibsga olindi. Aktyor keyinchalik qo‘yib yuborildi.
Depardening jinsiy zo‘ravonlikda ayblanishi birinchi marta sodir bo‘lmayapti. 2023 yil noyabr oyi oxirida France 2 telekanalida hujjatli film namoyish etildi, unda to‘rt ayol aktyorni zo‘ravonlikda aybladi, ulardan ikki nafari Deparde zo‘rlaganini aytdi. Bundan tashqari, 2023 yil bahorida Mediapart nashri 13 ayol aktyor tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergov haqida xabar berdi. Deparde barcha ayblovlarni rad etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51401 | Инструменты