Kaliforniya shtati va gubernator Geyvin Nyusom AQSh prezidenti Donald Tramp, Pentagon va mudofaa vaziri Pit Hegsetga qarshi sudga shikoyat arizasi kiritdi. Shtat rasmiylari Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlarini bostirish maqsadida Milliy gvardiyani yuborish qarori mamlakat konstitutsiyasiga zid ekanini ta’kidlamoqda.
“Konstitutsiyani yaratgan asoschilarimiz bu prinsiplarni aniq belgilab qo‘ygan — hukumat xalq oldida hisobdor bo‘lishi, qonun ustuvorligiga va fuqaroviy boshqaruvga asoslanishi kerak, harbiy boshqaruvga emas,” — deb yozdi Geyvin Nyusom X ijtimoiy tarmog'ida.
Kaliforniya rasmiylari San-Fransisko federal okrug sudiya topshirgan (PDF shaklidagi) shikoyat arizasida Oq uyning Milliy gvardiyani safarbar etish haqidagi qarori shtat suverenitetini buzishini ta’kidlaydi. Donald Tramp foydalangan qo‘shinlarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, bu faqat isyon yoki qo‘zg‘olon holatlarida qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, qonun prezidentdan Milliy gvardiyani shtatga kiritish uchun gubernatorning roziligini olishni talab qiladi.
Los-Anjelesda Oq uyning migratsion siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Aksiya davomida tartibsizliklar ham kuzatilmoqda. 8-iyun kuni Donald Tramp shtatga 2000 nafar Milliy gvardiya askarini kiritdi. 9-iyun kuni Pentagon Los-Anjelesga yana 700 nafar dengiz piyodasini yuborishini e’lon qildi. Geyvin Nyusomning so‘zlariga ko‘ra, 9-iyun kuni prezident administratsiyasi shaharga qo‘shimcha yana 2000 nafar Milliy gvardiya askarini yuborgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82815 | Инструменты