Amerikaning Kaliforniya shtatidagi ko‘l juda qimmatli elementning «hayratlanarli» miqdoriga, ya’ni «oq oltin» deb ataladigan litiy zaxiralariga ega. Bu haqda ulkan Salton-Si ko‘lida olib borilgan va AQSh Energetika vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqotda aytiladi.
Ilgari suv ombori tubida 4 million tonnaga yaqin litiy borligi taxmin qilingan edi, biroq o‘tgan yili u yerda aslida 18 million tonna bo‘lishi mumkinligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, bu miqdor elektromobillar uchun 382 milliondan ortiq akkumulyatorni quvvatlantirish uchun yetarli bo‘ladi. Shunday qilib, yangi kashfiyot Kaliforniya konining dunyodagi eng kattasi ekanligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, bir tonna litiy narxi taxminan 29 ming dollarga teng ekani hisobga olinsa, Salton-Si tubida 540 milliard dollarlik mahsulot yotibdi.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Kaliforniya universiteti geokimyo professori Maykl MakKibben «bu dunyodagi eng yirik litiy konlaridan biri» ekanini ta’kidladi.
«Bu Qo‘shma Shtatlarni litiy bilan to‘liq ta’minlashi va uni Xitoy orqali import qilinishini to‘xtatishi mumkin», deb ishontirdi tadqiqotchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты