Livan Bosh vaziri Najib Mikati rahbarligidagi delegatsiya Damashqqa borib, Suriyani amalda idora qilayotgan Ahmad ash-Sharo (Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan mashhur) va muvaqqat hukumat Tashqi ishlar vaziri Faysal ash-Shiboniydan iborat rahbarlar bilan uchrashdi. Bu haqda SANA xabar berdi.
Qayd etilishicha, kengaytirilgan tartibdagi uchrashuvdan so‘ng Mikati va ash-Sharo hamkorlikka oid qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazgan. Anjuman davomida ash-Sharo yangi Suriya hukumatining asosiy ustuvor vazifasi ichki vaziyatni barqarorlashtirish va Suriya-Livan chegarasini aniq belgilash ekanini qayd etgan.
Mikati esa qurollar kontrabandasiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriya va Livan chegarasini nazorat qilishning ahamiyatini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, HAMAS va Isroil o‘rtasida urush boshlanganidan beri ushbu chegara Suriyadan Livanga “Hizbulloh” uchun Eron qurollarining kontrabandasiga bir necha bor foydalanilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11215 | Инструменты