Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik erkak jinsiy jinoyatlarda gumonlanib hibsga olindi

28 aprel kuni AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) xodimlari Staten-Aylend orolida 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Davronovni qo‘lga oldi. Bu haqda tashkilot Matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, u AQSH hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan va hozirda bir qator og‘ir jinsiy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Davronovga qo‘yilgan ayblovlar orasida nomusga tegish (o‘z roziligisiz jinsiy aloqa qilish), jinsiy jinoyat, tan jarohati yetkazish maqsadida hujum qilishga urinish va jinsiy zo‘ravonlik (o‘z roziligisiz jinsiy aloqa qilishga majburlash) kabilar bor.

Davronov birinchi marta AQSH Chegara xizmati tomonidan 2022 yil 28 dekabrda Arizona shtatining Lukvill shahri yaqinida Meksika orqali chegarani noqonuniy kesib o‘tganidan keyin qo‘lga olingan. U hibsga olindi va deportatsiya jarayoni boshlandi. 2023 yil 28 iyulda immigratsiya bo‘yicha sudya uni AQSHdan chiqarib yuborish to‘g‘risida sirtdan qaror chiqardi. 19 fevral kuni Davronov yuqoridagi ayblovlar bo‘yicha Kvins okrugi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi oldida javob berdi. O‘sha kuni ICE uni Kuins vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turish uchun so‘rov yubordi. Biroq ertasi kuniyoq uni ICE‘ga xabar bermasdan va ushlab turish to‘g‘risidagi so‘rovni bajarmasdan ozod qilishdi.

Nyu-Yorkdagi ICE qochqinlarni qidirish bo‘limi xodimlari AQSH Milliy xavfsizlik xizmati agentlari bilan hamkorlikda Davronovni Steyten orolida maqsadli operatsiya chog‘ida qo‘lga olishdi va keyinchalik rasmiylashtirish uchun ICE dala ofisiga olib ketishdi. Hozirda u hibsda saqlanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22204 | Инструменты