Qirg‘izistonda muddatidan oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mahalliy matbuotning dastlabki natijalarga tayanib yozishicha, parlamentdagi 90 o‘rindan 50 tasini avvalgi chaqiriq deputatlari qo‘lga kiritishi mumkin.
30-noyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti)ga navbatdan tashqari saylovlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, amaldagi prezident Sadir Japarov tarafdorlari g‘alaba qozongan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. Agentlik ular qancha o‘rin olganiga aniqlik kiritmagan.
Mahalliy Kaktus nashriga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da saylovchilarning faolligi 34 foizdan sal ko‘proqni tashkil qilgan. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) ma’lumotlariga tayanib, Reuters agentligining qayd etishicha, dastlabki natijalar “Japarovning ittifoqchilari bir necha o‘rinlardan tashqari hamma o‘rinlarni qo‘lga kiritgan”. 90 o‘rinning 50 tasi avvalgi chaqiriq deputatlariga nasib qilishi mumkin, deb xabar beradi “24.kg” axborot portali.
Nomzodlarning aksariyati mustaqil nomzod sifatida qatnashgan va Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari tomonidan e‘lon qilingan deputatlarning dastlabki ro‘yxatlarida faqat ularning to‘liq ism-shariflari keltirilgan.
Yangi tizim bo‘yicha birinchi marta muddatidan oldin saylovlar o‘tkazildi.
Deputatlar 25 sentabrda Qirg‘iziston parlamentini tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi. Buning sabablaridan biri 2026-yilning noyabriga — prezidentlik sayloviga ikki oy qolganda muddatidan oldin saylov o‘tkazish istagi bor edi. Deputatlarning fikricha, ikki siyosiy voqea o‘rtasidagi bunday qisqa tafovut siyosiy notinchlikni keltirib chiqarishi mumkin.
A’zolar, shuningdek, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlovchi omil sifatida prezident tomonidan 2025-yil iyun oyida qabul qilingan saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarni ham tilga oldilar. Ilgari 90 nafar parlament deputatidan 36 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, qolgan 54 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan. Hozir esa mamlakatda bor-yo‘g‘i 30 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, ularning har biri uchta deputatni saylaydi, ulardan kamida bittasi ayol bo‘lishi kerak.
Rasmiylar saylovlarda partiyaviy tizimdan amalda voz kechishini “siyosiy korruptsiyaga qarshi kurashish va amaldagi saylov tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, xalqning saylangan mansabdor shaxslarga ishonchini oshirish” vositasi sifatida izohladi.
Saylovlar muxolifat vakillarining hibsga olinishi fonida bo‘lib o‘tdi.
Saylovdan bir hafta oldin Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari muxolifat vakillari va sobiq prezident Almazbek Atambayevning sobiq tarafdorlarini hibsga oldi. Hibsga olinganlar orasida muxolifatdagi Sotsial-demokratlar partiyasi a'zolari Temirlan Sultonbekov va Ermek Ermatov, sobiq prezidentning o'g'li Qodirbek Atambayev va boshqalar bor.
Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar “parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan keyin ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratish maqsadida bir qator mitinglar uyushtirishni” rejalashtirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120116 | Инструменты