Xalqaro olimlar guruhi Marsning ichki qatlamlarida suv mavjudligiga ishora qiluvchi belgilarni aniqladi. Bu haqda Eurekalert saytida e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, tadqiqot Xitoy Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti, Avstraliya Milliy universiteti va Italiyaning Milandani Bikokka universiteti mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.
Geofiziklar va geologlar NASA’ning InSight seysmometri orqali olingan ma’lumotlar asosida Marsdagi eng yirik meteorit zarbalari va sayyorada kuzatilgan silkinishlarni o‘rganib chiqqan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, sayyora yuzasidan 5,4 dan 8 kilometrgacha bo‘lgan chuqurlikda to‘lqinlar harakatining sekinlashishiga olib keladigan anomaliya aniqlangan. Bu mazkur oraliqda suyuq suv bor bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, agar bu suv Mars yuzasi bo‘ylab teng taqsimlansa, uning balandligi 520 dan 780 metrgacha yetadi.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, o‘rganishlar InSight moduli joylashgan nuqtadagi seysmik tezliklar o‘zgarishi asosida olib borilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, aniqroq ma’lumot olish uchun qo‘shimcha missiyalar o‘tkazilishi zarur.
Olimlar, shuningdek, Mars ilgari suv bilan qoplanganini qayd etgan. Bu davr taxminan 3 milliard yil oldin tugagan. Suv Amazon davrida butunlay yo‘qolib ketgan. Geofiziklar suyuq suv mavjudligi Marsda hayot ehtimoli va insoniyat kelajagiga oid muhim savollarni yuzaga chiqarishini ta’kidlamoqda.
Bungacha Perseverance apparati Marsda ilgari suv mavjud bo‘lganiga oid dalillarni topgan edi. Olimlar sayyora yuzasi ostida kamida ikki xil mineralning shakllanish hodisasi sodir bo‘lganini aniqlagan. Ulardan biri Mars yuzasiga yaqin, ikkinchisi esa chuqurroq joyda hosil bo‘lgan. Bu esa Marsdagi suv tuproq jinslar orasiga chuqur kirib borganini anglatadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51213 | Инструменты