Huawei 1
Oltin narxi yangi tarixiy rekord o'rnatdi

Amerikaning Comex birjasida oltin bir troya unsiya uchun 2850 dollardan oshdi. So‘nggi marta oltin narxi 2024-yil oktyabr oyida 2800 dollardan oshgandi. 

Reuters nashri yozishicha, investorlar AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan savdo bojlari joriy etilishi xavfidan xavotirda. Bozor yaqinlashib kelayotgan muhim inflyatsiya hisobotini kutmoqda. Ushbu hisobot AQSH Federal zaxira tizimining kelajakdagi siyosatini baholashga yordam berishi mumkin.

31-yanvar kuni shaxsiy iste’mol xarajatlari indeksi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilinadi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Xitoyning DeepSeek chat-boti muvaffaqiyati AQSh fond bozorida texnologiya sektorida o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan. Natijada bu beqarorlik oltin narxining o‘zgaruvchanligiga ta’sir qilgan.

2024-yilning 30-oktyabrida troya unsiyasining narxi tarixda birinchi marta 2800 dollardan oshdi. Tahlilchilar oltin qimmatlashishini AQShdagi saylovlar va dunyoda davom etayotgan mojarolar tufayli yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik bilan bog‘ladi. Xususan, Yaqin Sharq va Ukrainadagi vaziyat bilan.

J.P. Morgan 2024-yil avgust oyida o‘tkazgan tadqiqotida, odatda, iqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik sharoitida oltin qimmatlashishini ta’kidlagan. Buning sababi – oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi obro‘sidir. Shuningdek, moliyaviy tahlilchilar fikricha, oltinning boshqa investitsiya vositalari bilan bog‘liqligi past bo‘lgani uchun u samarali sug‘urta aktivi hisoblanadi.

Oltinning yirik xaridorlari

Butunjahon oltin kengashining (WGC) iyul oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2024-yilning ikkinchi choragida jahon bo‘ylab oltin talabi o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga kamayib, 929 tonnani tashkil qilgan. Shunga qaramay, markaziy banklar oltin xarid qilishda davom etgan. Eng yirik xaridorlar orasida Polsha Milliy banki (19 tonna), Hindiston Rezerv banki (19 tonna) va Turkiya Markaziy banki (15 tonna) bor.  

Oanda kompaniyasining katta tahlilchisi Kelvin Vongning prognoziga ko‘ra, oltin narxi asosan AQSH saylovlari natijalariga bog‘liq. Kelajakda uning bahosi 2826 dollar atrofida barqarorlashishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13120 | Инструменты