ChatGPT'ni ishlab chiqqan OpenAI kompaniyasi 14 fevral, juma kuni uni 97,4 milliard dollarga (92,8 milliard yevro) sotib olish uchun korporatsiya direktorlar kengashiga murojaat kiritgan Ilon Maskning taklifini rad etdi. OpenAI bosh direktori Sem Altman bu ma’lumotni tasdiqladi.
«OpenAI sotilmaydi va kengash Maskning raqobatchilarni o‘z nazoratiga olishga bo‘lgan so‘nggi urinishini bir ovozdan rad etdi. OpenAI'ning har qanday potensial qayta tashkil etilishi bizning notijorat tashkilotimizni va uning AGI'ning butun insoniyatga foyda keltirishini ta’minlash missiyasini kuchaytiradi», — deya OpenAI boshqaruv kengashi raisi Bret Teylorning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.
OpenAI foyda olishga e’tibor qaratmoqchi
OpenAI o‘z tuzilmasini o‘zgartirish va foyda olishga yo‘naltirilgan kompaniyaga aylanish jarayonida, deya xabar beradi dpa.
Milliarderning advokatlari 12 fevral kuni sud arizasida Mask boshchiligidagi, uning sun’iy intellekt startapi xAI'ni o‘z ichiga olgan konsorsium tijoriy tuzilmaga aylanish rejalaridan voz kechsa, OpenAI'ni sotib olish taklifini qaytarib olishini bildirdi.
Altman va Mask o‘rtasidagi nizo ko‘p yillardan beri davom etib kelmoqda, deb yozadi The Guardian.
Avvalroq, 12 fevral kuni The Wall Street Journal nashri Ilon Maskning X platformasi 2021 yil 6 yanvarda tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishi ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari bloklanganidan so‘ng siyosatchi da’vosini hal qilish uchun AQSh prezidenti Donald Trampga 10 million dollar to‘lashi haqida xabar bergan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32020 | Инструменты