Huawei 1
Osiyo fond bozorlarida AQShning yangi tariflari ortidan keskin pasayish kuzatildi

2025-yil 3-fevral kuni Osiyo fond bozorlarida AQSh prezidenti Donald Trampning Kanada, Meksika va Xitoyga nisbatan tariflar joriy etishi ortidan keskin pasayish kuzatildi. Investorlar buni yangi global savdo urushi boshlanishi sifatida qabul qilishdi.  

MSCI Asia Pacific indeksi Toshkent vaqti bilan 13:50 da 2,43% ga pasayib, 179,63 punktni tashkil etdi, maksimal pasayish 2,98% ga yetdi. Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi savdo yakunida 2,66% ga tushib, 38 520,09 punktga yetdi.

Xitoy Yangi yilini nishonlashdan keyingi birinchi savdo kunida Hang Seng China Enterprises indeksi dastlab 2,53% ga pasayib, 7 195,39 punktga tushdi, biroq sessiya oxiriga kelib 0,03% ga o‘sib, 7 384,11 punktga ko‘tarildi.

1-fevral kuni Donald Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlarga 25%, Xitoydan import qilinadigan tovarlarga esa 10% tariflar joriy etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Tramp ushbu tariflarni noqonuniy migratsiya va fentanil kabi sintetik narkotiklarning kontrabandasi bilan kurashish maqsadida joriy etilganini aytdi.

Ba’zi investorlar tariflarning joriy etilishi keyingi muzokaralar davomida kechiktirilishi yoki bekor qilinishini kutishgan edi. Hozir esa korporatsiyalarning daromadlari muqarrar ravishda zarar ko‘rishi aniq bo‘ldi, chunki Osiyo davlatlari AQShga eksportga katta darajada bog‘liq.

Xususan, ushbu tariflar Meksikada ishlab chiqarilgan yoki yig‘ilgan avtomobillarni Shimoliy Amerikaga yetkazib beradigan Yaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilariga ta’sir qiladi. Toyota Motor aksiyalari 5% ga, Honda Motor aksiyalari 7,2% ga va Nissan Motor aksiyalari 5,63% ga pasaydi. Meksikada zavodi bo‘lgan Janubiy Koreyaning Kia avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalari Seul birjasida 5,78% ga tushdi.

Xitoyning Li Auto va XPeng elektromobil ishlab chiqaruvchilari AQSh bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishga intilayotgan bo‘lib, ularning aksiyalari mos ravishda 5,66% va 0,76% ga pasaydi.

Kiyim-kechak, aksessuarlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va elektronika eksportchilari ham aksiyalarining pasayishi bilan duch kelishdi. Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Li Ning va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Haier Smart Home aksiyalari mos ravishda 2,87% va 2,33% ga pasaydi.

Bundan tashqari, daromadlarining katta qismini Xitoydan oladigan yapon yarimo‘tkazgich uskunalari ishlab chiqaruvchilari ham zarar ko‘rdi.

Bloomberg tahlilchilarining so‘zlariga ko‘ra, Osiyo neftni qayta ishlash zavodlari ushbu tariflardan foyda ko‘rishi mumkin, chunki Trampning Kanada va Meksikadan import qilinadigan neftga qo‘ygan bojxona tariflari Osiyo neftni qayta ishlash zavodlariga amerikalik raqobatchilari oldida ustunlik berishi mumkin.

“Finam” guruhi strategiya direktori Yaroslav Kabakovning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan joriy etilgan tariflar investorlarning xavfli aktivlardan ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. 

“An’anaviy ravishda xavfsiz deb hisoblangan dollar ko‘p yillik maksimal darajaga ko‘tarildi: Kanada dollari 20 yillik minimal darajaga tushdi, yevro 1,3% ga pasaydi, Xitoy yuani esa offshor savdoda zaiflashdi”, — deydi ekspert.

AQShning ushbu harakatlariga javoban, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum javob tariflarini tayyorlashni buyurdi. Xitoy hukumati esa Jahon savdo tashkilotiga da’vo arizasi berishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Kanada esa 25% tariflar joriy etilganidan keyin shunga o‘xshash choralarni ko‘rishini va’da qildi.

“Hozirda investorlar portfellari tarkibini qayta ko‘rib chiqib, oltin va naqd zaxiralar ulushini oshirmoqda, asosiy savol esa — mojaro qanchalik davom etadi. Ssenariylar vaqtinchalik keskinlikdan tortib, pandemiyadan keyin global iqtisodiyotning tiklanishini sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan to‘laqonli savdo urushigacha o‘zgarib turadi”, — deydi Yaroslav Kabakov. 

Uning fikricha, yaqin kunlarda bozor AQSh Federal zaxira tizimi va Yevropa markaziy bankining reaksiyasini, shuningdek, AQShdagi bandlik bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatadi.


Maqola muallifi: D. Jummayeva

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60720 | Инструменты