Huawei 1
Panama kanali AQSh hukumati kemalari uchun bepul bo‘ladi

AQSh hukumati kemalaridan Panama kanali bo‘ylab harakatlanish uchun to‘lov olinmaydi. Bu haqda 6 fevral, payshanbaga o‘tar kechasi AQSh Davlat departamenti o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida yozdi.

«AQSh hukumati kemalari endi Panama kanali bo‘ylab to‘lov to‘lamasdan o‘tishi mumkin bo‘lib, AQSh hukumati yiliga millionlab dollarlarni tejaydi», — deyiladi bayonotda.

AQSh va Panama xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Shu kuni Panama prezidenti Xose Raul Mulino va Pentagon rahbari Pit Xegset o‘rtasidagi muzokaralar natijasida tomonlar xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi. «Ular Qo‘shma Shtatlar va Panama o‘rtasida mustahkam munosabatlar mavjudligi va xavfsizlik bo‘yicha ko‘plab manfaatlar, jumladan Panama kanalini himoya qilish bo‘yicha umumiy manfaatlar mavjudligi haqida kelishib oldilar», — deyiladi AQSh Mudofaa vazirligi bayonotida.

Panama Xitoy bilan kanal bo‘yicha loyihasini bekor qiladi

3 fevral, dushanba kuni Panama prezidenti Xose Raul Mulino uning mamlakati Xitoyning Panama kanalidan savdo maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorligini nazarda tutuvchi «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusidan chiqishini aytdi. «Men muhim qaror qabul qildim va bu haqda sizni xabardor qilyapman. Hukumatim 2017 yilda "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini yangilamaydi. Bu to‘g‘ri. Loyihani muddatidan oldin yakunlash imkoniyatini o‘rganamiz», dedi Mulino kecha AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralardan so‘ng jurnalistlarga.

2 fevral kuni Marko Rubio Xose Raul Mulino bilan uchrashuvda Xitoyning Panama kanaliga ta’siridan noroziligini bildirdi. Davlat departamenti rahbari «mavjud vaziyatni qabul qilib bo‘lmasligini va zudlik bilan o‘zgartirilmasa, Qo‘shma Shtatlar o‘z huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora ko‘rishi kerakligini aytdi», dedi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Temmi Bryus.

Shu kuni Mulino Vashington bilan muloqotni ijobiy deb atadi. Shubha yo‘qki, kanal Panama nazorati ostida va bu maqom o‘zgarishsiz qoladi, deya tushuntirdi Panama prezidenti.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20616 | Инструменты