Polshalik mutaxassislar DNK, 3D printer va loy yordamida taxminan 400 yil avval yashagan qiz ko‘rinishini qayta tikladi. Mahalliy aholi orasida Zosia deb nomlangan ushbu qiz qoldiqlari 2022-yilda Polshaning Nikolay Kopernik universiteti arxeologlari tomonidan aniqlangan. Bu haqda Sky News xabar berdi.
Qoldiqlar bo‘yin qismida o‘roq bilan mahkamlangan, oyog‘iga esa osma qulf osilgan holda aniqlangan. O‘sha davrda o‘roq va qulf, shuningdek, qabr yonidan topilgan ayrim yog‘och turlari vampirlardan himoya qiluvchi sehrli xususiyatlarga ega deb qaralgan.
Zosianing jasadlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, u vafot etgan paytda 18-20 yoshda bo‘lgan. Qiz hushdan ketish, kuchli bosh og‘rig‘i va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasallikdan aziyat chekkan.
Zosianing hayoti haqida oz narsa ma’lum, ammo mutaxassislar, u boy, ehtimol, aslzoda oiladan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110117 | Инструменты