Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi Respublika termitlarga qarshi kurashish ilmiy-ishlab chiqarish markazi olimlari tomonidan ilk bor Oʻzbekiston faunasi uchun Blattodea turkumi, Termitidae oilasi, Amitermes avlodiga mansub Amitermes rhizophagus yangi termit turi aniqlandi.
Adabiyot maʼlumotlariga koʻra, Termitidae oilasi vakillari faqat Oʻrta Osiyoda - Turkmanistonda tarqalgan. Mazkur tur Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Vori qishlogʻida aholi turar joylari va ularga tutash hududlarning yogʻoch konstrutsiyalarini termitlar bilan zararlanish holatini aniqlash yuzasidan monitoring tadqiqot ishlari jarayonida aniqlandi.
Amitermes rhizophagus termit turining turli tabaqa: askar, nimfa, ishchi vakillarini morfologik belgilari va molekulyar genetik tahlil maʼlumotlariga koʻra identifikatsiya qilish ularning Amitermes rhizophagus Belyaeva, 1974 termit turiga mansubligini tasdiqladi. Amitermes rhizophagus termit turi askar tabaqasining tasnifiy belgilari: mandibulalari choʻziq, oʻtkir uchli oʻroqsimon, choʻqqisidan marginal tishiga qadar qizgʻish-jigarrang, keyin asosga tomon qoʻngʻir-sargʻish; har bir mandibulaning oʻrtasida asosga bir oz orqaga yoʻnaltirilgan bitta toʻgʻridan-toʻgʻri kesilgan marginal tish joylashganligi bilan farqlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110119 | Инструменты