Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Kreml matbuot xizmati e’lon qilgan ikki daqiqali videolavhada Putin Donald Trampni AQSh prezidentligi lavozimiga kirishishi bilan tabriklagan va Moskva Ukrainadagi urush masalasida Vashington bilan muloqotga tayyor ekanini bildirgan.
«Biz AQShning qayta saylangan prezidenti va uning jamoasini Rossiya bilan uzilgan aloqalarni tiklash haqidagi bayonotlarini ko‘rmoqdamiz... Shuningdek, uchinchi jahon urushiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha ishni qilish zarurati to‘g‘risidagi bayonotlarni ham eshityapmiz. Shubhasiz, biz bu kabi munosabatni olqishlaymiz va AQShning saylangan prezidentini lavozimga kirishishi bilan tabriklaymiz», — deydi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hech qachon Vashington bilan muloqotdan, jumladan, «Ukraina mojarosi» bo‘yicha muloqotdan bosh tortmagan. Putinning hisoblashicha, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi dialog «teng huquqlilik va o‘zaro hurmat asosida» qurilishi kerak.
«Biz, shuningdek, yangi administratsiya bilan Ukraina mojarosi bo‘yicha dialogga ochiqmiz. Eng muhimi — biz bir necha bor gapirgan inqirozning birlamchi sabablarini bartaraf etish. Kelishuvning maqsadi qisqa muddatli sulh emas, balki mintaqada yashovchi barcha odamlar, barcha xalqlarning qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlagan Putin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12104 | Инструменты