Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-yanvar kuni Hisob palatasi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mablag‘larning maqsadli ishlatilishi va dasturlar samaradorligida moliyaviy nazorat muhim. So‘nggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi o‘zgartirilib, hududlarda byudjet intizomiga ko‘mak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi o‘rniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining “Tashqi audit indikatori”da O‘zbekiston “yaxshi” darajaga ko‘tarildi.
2024-yil 10-iyulda O‘zbekiston Prezidentining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda vazirlik va davlat idoralarida ichki audit tizimini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish, konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish kabi vazifalar belgilandi.
Raqamli transformatsiya jarayoni amalga oshirilmoqda. “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 34 ta vazirlik va idora bog‘landi.
2024-yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7 trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi.
Bunday amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarur.
Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi.
Byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish doimiy vazifa hisoblanadi. Davlat ulushi bor korxonalarning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib borish ham muhim.
Joriy yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.
Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12100 | Инструменты