Huawei 1
Qamchibek Tashiyev oilaviy zavodini sotib, tug‘ruqxona qurdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi ayollarni ko‘proq farzand dunyoga keltirishga chaqirdi. Bu haqda u Jalolobod viloyatining Suzoq tumani Cho‘kmor qishlog‘ida o‘z oilasining mablag‘lari hisobidan barpo etilgan Onalik va bolalikni muhofaza qilish markazining ochilish marosimida aytib o‘tdi.

Tug‘ruqxona Tashiyevning onasi Aliyma Tashiyeva nomi bilan atalgan. Tashiyev “tug‘ish va aholini ko‘paytirish ayolning muqaddas burchi” ekanini ta’kidladi. Hozirda mamlakatda 7,3 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.

"Onam qahramon ona bo‘lgan – 11 farzandni tarbiyalagan. Doimo ona qishlog‘ida tug‘ruqxona bo‘lishini orzu qilar edi. O‘limidan 20 yil o‘tib, uning orzusini amalga oshirdim. Cho‘kmor qishlog‘i onamning kichik vatani. Neftni qayta ishlash zavodimiz bor edi, uni sotib, tushgan mablag‘ni tug‘ruqxona qurishga sarfladik. Uch yil ichida tug‘ruqxonani ham davlatga topshirdik, to‘g‘ruqxonani ham tamomlamadik”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari mahalliy ayollar katta qiyinchiliklarga duch kelgan – ular boshqa shaharlarda va hatto mamlakatlarda tug‘ishiga to‘g‘ri kelgan. Hozir qishloqda barcha sharoit yaratilgan – tug‘ruqxona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

“Biz 10 million aholisi bo‘lgan davlatga aylanishimiz kerak. Birinchi o‘nta yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun maxsus sovg‘alar tayyorladik”, deya qo‘shimcha qildi u.

Qurilish ishlariga 570 million som (6 million 518 ming 10 dollar) mablag‘ sarflangan. Bino tug‘ruq bo‘limi va bolalar shifoxonasini o‘z ichiga oladi hamda jami 470 nafar xodim bilan ta’minlanadi. Joriy yilning 13 may kuni Prezident Sadir Japarov ishtirokida Cho‘kmor shahridagi tug‘ruqxonaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Sadir Japarov o‘z nutqida ilgari amaldorlar, boylar xorijga pul olib chiqib ketgani, uy-joy qurib, korxonalar ochganini ta’kidladi.

“Tashiyevlar oilasi esa neft bazasini sotib, pullarini o‘z xalqiga, shu shifoxonani qurishdek xayrli ishga sarfladi. Bu haqiqiy namuna, haqiqiy vatanparvarlik. Bu loyiha foyda uchun emas, ona-bola salomatligi, xalq farovonligi uchun qilingan buyuk ish. Tashiyevlarning bu qadami davlatga, xalqqa sadoqatning eng oliy namunasidir”, degan Japarov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52118 | Инструменты