Qirg‘izistonda sud majlislarini audio va videoga yozib olish majburiy bo‘ldi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 20 may kuni mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Japarovning matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur qonun Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Kenesh tomonidan 2025 yil 3 aprel kuni qabul qilingan.

Qonunning maqsadi – ehtiyot choralar tizimida garov institutining rolini kuchaytirish, uni samarali qo‘llashga xizmat qiladigan mexanizmlarni ishlab chiqish hamda jinoyat protsessida video-konferens-aloqa imkoniyatlarini takomillashtirish ekani aytilmoqda.

Qonun orqali Jinoyat-protsessual kodeksi quyidagi normalar bilan to‘ldirilmoqda:

– sud tizimiga “video-konferens-aloqa” va «translyatsiya (onlayn-translyatsiya)» tushunchalari kiritiladi;

– ayblanuvchining sud majlislari bayonnomalari (jumladan, audio va video yozuvlari) bilan tanishish, ularga eʼtiroz bildirish va sud majlisini bevosita efir orqali televideniye, radio va/yoki Internet tarmog‘ida translyatsiya qilish orqali o‘tkazishni so‘rash huquqlari belgilanadi;

– sud majlisining borishini audio va video vositalar orqali majburiy tarzda qayd etish talabi joriy etiladi;

– audio va video yozuvlarning mavjud emasligi – sud qarorini o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish uchun asoslardan biri sifatida tan olinadi;

– jinoyatning og‘irligiga qarab garovning eng kam miqdorlari belgilanadi.

Rasmiy relizda jinoyat qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar qachondan kuchga kirishi, shuningdek yangi tartiblar haqida batafsil maʼlumot berilmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты