Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumaniga qarashli Aqshuqur va Sain Shapagatov qishloqlari aholisi Kaspiy dengizi qirg‘og‘iga chiqib qolgan o‘lik tyulenlar haqida tegishli idoralarga ma’lum qildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Mahalliy mutasaddilar tomonidan olib borilgan monitoring natijasida haqiqatan ham dengiz hayvonlarining jasadlari aniqlangan.
Viloyat Baliqchilik inspeksiyasi boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Konarbay Bazarbayevning aytishicha, hozirda topilgan jasadlarning katta qismi texnika yetib bora olmaydigan joylarda joylashgan. Unga ko‘ra, bu tyulenlar o‘tgan yil kuzida ro‘y bergan ommaviy qirilib ketishdan qolgan bo‘lishi mumkin.
“O‘tgan yilning kuzida aynan shu hududda 130 ga yaqin tyulen o‘lik holda topilgan edi. Ehtimol, o‘shanda hammasi topilmagan va ayrimlari shu paytgacha qolgan. Hozirda hukumat texnika kira oladigan hududlarda tozalash ishlariga kirishgan. Qiyin yetib boriladigan joylar bo‘yicha masala muhokamada”, dedi Bazarbayev.
U, shuningdek, qirg‘oqda o‘lik qush jasadlari ham topilganini ma’lum qilgan. Shu sababli viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan dengiz suvidan laboratoriya tahlili uchun namunalar olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51016 | Инструменты