Huawei 1
Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jinoiy jazo joriy qilinadi

Qozog‘iston parlamenti deputatlari Jinoyat kodeksiga kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazo choralarini kiritishni taklif qilishdi. O‘zgartirishlar yaqin vaqt ichida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda deputat Murat Abenov ma’lum qildi, deb xabar berdi Vlast.kz.

Unga ko‘ra, taklif hozir Jinoyat, Jinoyat-ijro va Jinoyat-protsessual kodekslarini optimallashtirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Yangi moddada vaziyatga qarab turli jazo choralari ko‘zda tutilgan: jarima, jamoat ishlari va qamoq.

«Agar bir guruh shaxslar tomonidan, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, biror bir zarar yetkazilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Agar o‘z xohishingizga qarshi uyda saqlansangiz, psixologik va jismoniy bosimga duchor bo‘lasiz. Qonun jabrlanuvchi tomonida bo‘lishi kerak», deb ta’kidladi Abenov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kelin o‘g‘irlash ba’zan «urf-odat» sifatida niqoblanadi, lekin aslida shunday emas. «Aslida bizda bunday an’analar yo‘q edi. Qizning o‘zi turmushga chiqmoqchi bo‘lsa, ota-onasi rozi bo‘lmasa, qiz qochib ketgan. Ota-onasining moddiy imkoniyati bo‘lmaganida, u qochib, o‘zi turmushga chiqishi mumkin edi. Qozoqlarda hech qachon qabiladan qiz o‘g‘irlash odati bo‘lmagan, bu har doim og‘ir jinoyat bo‘lib kelgan», dedi deputat.

Qozog‘iston jinoiy qonunchiligida haligacha kelin o‘g‘irlash bo‘yicha alohida modda yo‘q. Respublikada bunday ishlar bo‘yicha ayblanuvchilar odatda «odam o‘g‘irlash» moddasi bo‘yicha sudlanadi, bu moddada 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan (ammo unda o‘g‘irlangan shaxsni o‘z ixtiyori bilan ozod qilgan shaxs, agar harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, javobgarlikka tortilmaydi degan band bor).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20520 | Инструменты