Rossiya 30 iyundan boshlab kiruvchi xorijliklarni majburiy onlayn roʻyxatga olishni joriy qiladi

Vizasiz tartibda Rossiyaga boradigan chet el fuqarolari, jumladan, o‘zbekistonliklar ham chegarada QR-kod ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Tartib joriy yil 30 iyunidan amalda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xabar berdi.

QR-kod «Gosuslugi RuID» mobil ilovasi orqali olinadi. Buning uchun ilovada ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet yaratish, so‘ng fotosurat va shaxsiy ma’lumotlar yuklab, Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish lozim.

QR-kod uchun ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi shart. Agar Rossiyaga borish zarurati to‘satdan (masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) paydo bo‘lsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin.

Bunday ro‘yxatdan o‘tishdan Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bolalar, shuningdek,  viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar ozod etiladi.

6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi — ularda ham shaxsiy ro‘yxatdan o‘tish kodi bo‘lishi shart.

Bu tartib Rossiya hukumatining 2024 yil 7 noyabrdagi “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasiga kirish hamda chiqish qoidalari, shartlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba o‘tkazilishi to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga kiritilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты