Rossiya hukumati birinchi marta Shimoliy Koreya askarlari urushda qatnashganini tan oldi

Rossiya rasmiylari birinchi marta Shimoliy Koreya askarlari Ukraina armiyasiga qarshi Rossiya tomonida jang qilganini rasman tan oldi. 26-aprel, shanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi vakillari shunday bayonotlar bilan chiqishdi.

Ilgari Rossiya hukumati Shimoliy koreyaliklarning Ukraina qurolli kuchlariga qarshi janglarda ishtirok etishi haqida gapirmagan edi. 2024-yilning kuzidan buyon bu haqda Ukraina, Janubiy Koreya va G‘arb davlatlari rasmiylari, Rossiyaning “urush muxbirlari”, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va tahlilchilar xabar bermoqda. O‘shanda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi buni “axborot sizib chiqishi va shov-shuv” deb atagan edi.

Mudofaa vazirligi: KXDR askarlari chidamlilik ko‘rsatdi

26-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov Vladimir Putin bilan uchrashuvda KXDR askarlari haqida gapirdi. “KXDR harbiy xizmatchilarining Kursk viloyatining chegara hududlarini ozod etishda ishtirokini alohida ta’kidlamoqchiman, ular mamlakatlarimiz o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq Ukraina qurolli kuchlarining tor-mor keltirgan guruhini yengishda katta yordam ko‘rsatgan”, — dedi u Kreml saytida.

“Koreys xalq armiyasi askar va ofitserlari rossiyalik harbiy xizmatchilar bilan yelkama-yelka jangovar topshiriqlarni bajarib, Ukraina bosqinini qaytarishda yuqori professionallik, janglarda matonat, jasorat va qahramonlik ko‘rsatdi”, — deya qo‘shimcha qildi Gerasimov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi KXDR bilan “jangovar birodarlik” haqida

O‘sha kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan izohida buni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, KXDR askarlari Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning 4-moddasiga muvofiq Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan.

“Koreyalik do‘stlarimiz ko‘rsatgan hamjihatlik munosabatlarimizning yuksak, amaliy ittifoqchilik darajasining namoyonidir”, — dedi Zaxarova “Koreyalik do‘stlarimiz ko‘rsatgan harbiy birodarlik ruhiga” javob berib.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22203 | Инструменты