Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvidan bir kun o‘tib, Rossiya qo‘shinlari 18 mayga o‘tar kechasi Ukraina hududiga turli rusumdagi 273 ta dronni uchirdi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qayd etishicha, bu – rossiyaliklarning keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng yirik dronlar hujumi bo‘ldi.
Kiyevning Obuxovskiy rayonida 28 yoshli ayol halok bo‘ldi, deb xabar berdi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnik. Uning oilasi ham jabrlangan: to‘rt yoshli o‘g‘li oskolkali jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan, shuningdek, uning 59 yoshli bobosi va 61 yoshli buvisi ham kasalxonaga yotqizilgan, deya aniqlik kiritdi Kalashnik. Kiyevning Fastov rayonida hujum oqibatida omborxonalar va xo‘jalik binosi vayron bo‘lgan, ikkita xususiy uyga zarar yetgan. Kalashnikning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va shu nomli oblastga 150 dan ortiq dron hujum qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 273 ta zarbdor drondan 88 tasi urib tushirilgan, 128 ta «imitator dron» esa qulab tushgan va jiddiy zarar yetkazmagan. Kiyev oblastidan tashqari, Dnipropetrovsk va Donetsk oblastlariga ham dronlar uchib kelgan.
Bundan oldingi shu kabi yirik hujum 2025 yil 23 fevralida, urush boshlanganining uch yilligi arafasida kuzatilgan — o‘shanda Rossiya qo‘shinlari bir kecha davomida o‘sha vaqt uchun rekord darajadagi 267 ta uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan hujum uyushtirgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51902 | Инструменты