Huawei 1
Seulda chetlatilgan prezident tarafdorlari va tanqidchilarining aksiyalari bo‘lib o‘tdi

Koreya Respublikasining lavozimidan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yol qarorgohi yaqinida 5 yanvar, yakshanba kuni bir vaqtning o‘zida uning tarafdorlari va tanqidchilarining mitinglari bo‘lib o‘tdi. Ularni politsiya kordonlari ajratib turdi. Har bir aksiyada qor yog‘ishiga qaramay, yuzlab odamlar ishtirok etdi.

Yunning raqiblari uning muddati 7 yanvarga o‘tar kechasi tugaydigan sud buyrug‘iga asosan hibsga olishni talab qilishgan. «Prezident xavfsizlik xizmati jinoyatchini yashirishda davom etmoqda, yuqori martabali amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiyani tergov qilish boshqarmasi esa bo‘shashib ishlamoqda», — deya AP agentligi muxolifat faollaridan birining so‘zlarini keltirdi.

Qarama-qarshi lagerdagi namoyishchilar «mamlakat va demokratiyani himoya qilish» zarurligi haqida gapirdi. «Men urushni boshdan kechirdim va kommunistlarga qarshi kurashish uchun minus 20 darajada qorda yurganman. Hozirgi qorlar hech narsa emas. Bizning urushimiz yana boshlanmoqda», dedi keksa faol AFP'ga.

Qo‘riqlash xizmati Janubiy Koreya prezidentini hibsga olishga xalaqit berdi

Mamlakat prezidenti Yun Sok Yol ishini tergov qilayotgan janubiy koreyalik tergovchilar 3 yanvar kuni ertalab Seuldagi qarorgohiga uni qo‘lga olish uchun yetib keldi, deb xabar bermoqda Yonhap axborot agentligi.

Janubiy Koreyaning yuqori martabali hukumat amaldorlari uchun Jinoyat qidiruv xizmati (CIO) va politsiya xodimlari Yunning qarorgohiga kelgan. 50 kishidan iborat tergov guruhi qarorgoh hududiga kirdi, biroq harbiylar yo‘lni to‘sib qo‘yishdi. Tergovchilar harbiy xizmatchilarning ikki qatorini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, ammo Yunning qo‘riqchilari ularni ichkariga kiritmadi.

Yonhap agentligining xabar berishicha, politsiya prezident qarorgohi yaqinida tartibni saqlash uchun 45 ta maxsus bo‘linma va 2700 nafar xodimni joylashtirgan. Uning yonida Yunning 1,2 ming tarafdori yig‘ilib, «prezidentni himoya qilish» va «impichmentni bekor qilish»ga chaqirishdi. Ulardan ba’zilari politsiya bilan to‘qnashgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10802 | Инструменты