Kreml Xitoy rahbari Si Szinpinning 20-22-mart kunlari Rossiyaga tashrif buyurishini tasdiqladi. U prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan keladi.
Ma'lum qilinishicha, Xitoy rahbarining tashrifi chog’ida, bir qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.
“Muzokaralar chog’ida Rossiya va Xitoy o’rtasidagi har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Xalqaro maydonda Rossiya-Xitoy hamkorligini chuqurlashtirish kontekstida ham fikr almashish rejalashtirilgan”, - deyiladi Kreml matbuot xizmati bayonotida.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Venbin ham Si Szinpinning tashrifini tasdiqladi. Uning ta'kidlashicha, Pekin va Moskva hech qanday uchinchi mamlakatga qarshi qaratilmaydigan hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
“Ushbu tashrif - “tinchlik tashrifi” bo’ladi. Ukraina inqiroziga kelsak, Xitoy bu borada xolis pozitsiyani egallaydi, biz tinchlik muzokaralarini ilgari surishda konstruktiv rol o’ynaymiz”, — dedi Van Venbin.
Bundan oldin Reuters agentligi Si Szinpin yaqin kunlarda Rossiyaga tashrif buyurib, prezident Vladimir Putin bilan uchrashishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qilgan edi. Ammo Kreml bu maʼlumotga izoh bermagan.
Eslatib o'tamiz, Vladimir Putin Si Szinpinni 2022-yil 30-dekabr kuni videokonferensiya orqali muloqotda Moskvaga taklif qilgan edi. O'shanda aniq sana aytilmagan, prezident o'z taklifida "kelgusi yilning bahori" bilan cheklangan edi xolos.
Avvalroq Si Szinpin uchinchi muddatga Xitoy rahbari etib saylangani haqida ma’lum qilgan edik. Bu XXR tarixida ilk bor ro’y berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72402 | Инструменты