Huawei 1
Superbakteriyalar sabab millionlab odamlar hayoti xavf ostida qolishi mumkin

Bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi ortidan insonlar o‘limi yildan yilga oshmoqda, kelgusi 25 yil ichida ushbu ko‘rsatkich taxminan 40 millionga yetishi mumkin. Bu haqda Angliyaning sobiq bosh sanitar shifokori Salli Devisga tayanib, The Guardian xabar berdi.

Superbakteriyalar — vaqt o‘tishi bilan antibiotiklarga qarshi chidamlilik hosil qiladigan, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlardir.

Devisning ogohlantirishicha, bu bakteriyalarning tarqalishi va organizmning mikroblarga qarshi dorilarga chidamliligi ortishi natijasida, inson tanasida turli xil operatsiyalarni, jumladan, tug‘ruq jarrohligini o‘tkazish xavfli bo‘lib qolishi mumkin.

“Mikroorganizmlar chidamliligi tufayli yiliga bir millionga yaqin odam vafot etadi va bu raqam keyingi 25 yil davomida o‘sib boradi. Bu haqiqatan ham qo‘rqinchli”, — dedi mutaxassis.

Aholi qarigani sayin surunkali kasalliklar bilan yashaydigan odamlar soni tobora ko‘payadi, bu esa ularni antibiotiklarga chidamli bakteriyalar oldida ojiz qilib qo‘yadi. Ushbu tahdidlar sharoitida shifokorlar antibiotiklar buyurishni iloji boricha cheklashga harakat qilmoqda. Superbakteriyalar evolyutsiyasiga chorva mollarini davolash va ularning yetilishini rag‘batlantirish uchun antibiotiklar qo‘llanilishi ham sabab bo‘lmoqda. Devisning ta’kidlashicha, bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi yangi dorilar ishlab chiqish zaruriyatini tug‘diradi, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi.

Antibiotiklardan noo‘rin foydalanishni to‘xtatish zarur, deb ogohlantirdi Devis. U yangi antibiotiklarni ishlab chiqish zaruratini qayd etdi, biroq bu masalada muammo mavjud:

“80 yillarning oxiridan buyon kundalik foydalanishga kiritilgan antibiotiklarning yangi turlari paydo bo‘lgani yo‘q, yangilarini yaratishni rag‘batlantiruvchi bozor modeli esa ishdan chiqqan. Agar siz yangi antibiotik ishlab chiqsangiz, uni biror kim yiliga bir hafta qo‘llashi mumkin, xolos. Bundan nima foyda bor? Masalan, qon bosimini pasaytiruvchi har kunlik dorilar yoki bir necha oy qabul qilinadigan saratonga qarshi dorilar farmatsevtika kompaniyalariga ancha ko‘p foyda keltiradi. Shu sababli, ularda yangi antibiotiklar ishlab chiqarishga rag‘bat yo‘q. Bu haqiqatan ham katta muammo”, — deb izoh berdi olim.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham shifokor ko‘rsatmasidan tashqari antibiotiklar bilan davolash mikroorganizmlarning bunday dorilarga chidamliligini rivojlantirishi haqida ogohlantirgandi. Tashkilot koronavirusni davolash vaqtida butun dunyo bo‘ylab bemorlar antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanganini aniqladi: taxminan 75 foizi bunday dorilarni “ehtiyot chorasidan” qabul qilgan, vaholanki u faqat 8 foiz odamga zarur bo‘lgan.

Antibiotiklar virusli kasalliklarga, jumladan, COVID-19 ga qarshi samarasizdir. Ular faqat bakterial infeksiyalarga qarshi va faqatgina tibbiy mutaxassis retsepti asosida qo‘llanadi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh mikrobiologi, professor Roman Kozlov “RBK”ga tushuntirishicha, shifokor ko‘rsatmasidan tashqari antibiotiklar bilan davolanish og‘iz bo‘shlig‘i yoki ichakda yashab, kasallik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar chidamliligini oshiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10801 | Инструменты