Suriya mudofaa vaziri Murhef Abu Qasra mamlakatning yangi hukumati Rossiya harbiy bazalarini agar ular Suriya manfaatlariga javob bersa, saqlab qolishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda vazir The Washington Post’ga bergan intervyusida ta’kidladi.
«Agar biz bundan Suriya uchun foyda ko‘rsak, unda ha», — degan Qasra Rossiya bazalarini saqlab qolish to‘g‘risidagi savolga javoban.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil dekabr oyida Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Rossiyaning yangi hukumatga nisbatan munosabati «sezilarli darajada yaxshilangan». «Siyosatda doimiy dushmanlar yo‘q», — deydi Abu Qasra.
The Washington Post’ning qayd etishicha, Rossiya Suriyaning yangi hukumatiga «ular juda qattiq xohlayotgan narsa» — Bashar Asadni topshirishi mumkin. Mudofaa vaziri Suriya hukumati Moskva bilan muzokaralarda Asadning topshirilishini so‘ragan yoki so‘ramaganini tasdiqlamagan. Shu bilan birga, muzokaralarda Asadni javobgarlikka tortish masalasi muhokama qilinganini bildirgan.
«Bashar Asad Rossiyaga ketishga qaror qilganida, u bizni RF hukumati bilan kelisha olmaydi deb o‘ylagan. Ehtimol, Rossiya bilan munosabatlar shu tarzda qayta tiklanar, u birinchi navbatda Suriya manfaatlariga javob berishi kerak, keyin esa ularning», — deydi vazir.
Murhef Abu Qasraning qo‘shimcha qilishicha, Suriya hukumati mamlakatdagi AQSh va Turkiya harbiy bazalarining maqomi to‘g‘risida muzokaralar olib bormoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bilan yangi kelishuv mamlakatdagi turk qo‘shinlarini qisqartirish yoki «qayta taqsimlash»ni talab etishi mumkin. AQShning Suriya shimoli-sharqidagi ishtiroki «muhokama jarayonida turibdi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 20720 | Инструменты