Huawei 1
“Tolibon” ayollarning begona erkaklarga qarashini taqiqladi – OAV

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarga erkaklarga qarashni, jamoat joylarida va uyda baland ovozda gapirishni taqiqladi. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi qoidalar 114 betdan iborat bo‘lib, “Tolibon”ning oliy rahbari tomonidan tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ayollar begona erkaklarga qaramasligi va ularga gapirishdan tiyilishi lozim. Shuningdek, ular “o‘zgalarni vasvasaga solmasligi va bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun” yuzlarini berkitishi kerak. Afg‘on ayollariga ovozlari tashqariga eshitilmasligi uchun uy ichida baland ovozda gaplashish ham man etilgan.

“Xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” bilan muloqoti ularga ayollarni yanada ko‘proq ezishga dadillik berdi. Hokimiyat tepasida turgan bu radikal shaxslar bizning mavjudligimizni tan olishdan bosh tortmoqda”, deydi Qobuldagi sobiq davlat xizmatchisi Zaynab.

Asosan ayollarning xulq-atvoriga qaratilgan yangi qoidalar jamoat joylarida ayollar tanasini doim to‘liq yopib yurishni majburiy qilib qo‘yadi. Agar ayollar uylarini tark etishlari kerak bo‘lsa, ular yuzlarini va ovozlarini erkaklardan yashirishi kerak. Bundan tashqari, ayollarning jamoat joylarida qo‘shiq aytishi va Qur’on o‘qishi taqiqlangan, kiyimlari tor yoki kalta bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, taksi haydovchilariga “hijobsiz yoki erkak vasiysi bo‘lmagan ayollarni” tashimaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Yangi qoidalarga qarshi chiqqan ayollar hibsga olinadi.

Yangi qonun-qoidalarda erkaklarga nisbatan ham taqiqlar belgilangan. Xususan, erkaklarga jamoat joylarida ayollarning yuziga qarash taqiqlanadi. Bundan tashqari, ularga soqollarini qisqartirish va olish ham man etilgan.
Nashrning yozishicha, yangi qoidalar allaqachon ko‘plab erkinliklardan mahrum etilgan afg‘on ayollari orasida qattiq norozilik uyg‘otgan. “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan beri 12 yoshdan oshgan qizlar ham ta’lim olish imkoniyatidan mahrum etilgan.

“Ular aslida biz uchun Afg‘oniston deb nomlangan ulkan qafas yaratdi. Oldinda nimalar kutayotganidan juda xavotirdaman. Ular hijobsiz ayollarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilishdi, ammo hijobning qaysi turini maqbul deb hisoblashlarini aniqlashtirmadi. Ayollarni ko‘chada hibsga olishadi va erkak hamrohlari bo‘lmasa, taksilardan tushirishadi”,  deydi Zaynab.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91303 | Инструменты