AQSh prezidenti Putinni sanksiyalarni kuchaytirish ehtimoli haqida ogohlantirganini va bundan xavotirda ekanini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiy bilan Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berish imkoniyatini muhokama qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp 4-iyul, juma kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon muloqoti chog‘ida Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli AQSh sanksiyalarini kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirganini va Putin, uning so‘zlariga ko‘ra, bu istiqboldan xavotirda va sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini tushunganini aytdi.
Prezidentning Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Tramp, shuningdek, Putin bilan Ukrainadagi mojaro yuzasidan qilgan telefon qo‘ng‘irog‘idan juda norozi ekanini aytib, Rossiya rahbari “odamlarni o‘ldirishda davom etmoqchi” ekanini ta’kidladi.
"Bu juda qiyin vaziyat. Men sizga avvalroq aytgandim, prezident Putin bilan suhbatimdan juda norozi bo‘ldim. U oxirigacha borishni xohlaydi, shunchaki odamlarni o‘ldirishda davom etmoqchi va bu yaxshi emas", - dedi Tramp.
Zelenskiy bilan suhbat
Amerika prezidenti, shuningdek, jurnalistlarga bir kun avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonda gaplashgani va u bilan Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalarni yuborish imkoniyatini muhokama qilganini aytdi. “Ularga mudofaa uchun kerak bo‘ladi. Ularga nimadir kerak bo‘ladi, chunki ular juda qattiq zarba olishmoqda”, dedi Tramp. U Patriot raketalarining samaradorligini yuqori baholab, qurolni "juda ta'sirli" deb atadi.
Avvalroq AQSh kutilmaganda Ukrainaga muhim o‘q-dorilar, jumladan Patriot uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgan edi. Oq uy buni Amerika arsenallari tugashi bilan bog'liq xavotirlar bilan izohladi. The Wall Street Journal nashriga ko'ra, to'xtatilgan paytda o'q-dorilar allaqachon Polshada bo'lgan. Ular orasida 20 dan ortiq Patriot PAC-3 raketalari, 20 dan ortiq Stinger havo mudofaa tizimi, Hellfire havodan yerga boshqariladigan raketalar, 90 dan ortiq AIM havo-havo raketalari va boshqa tizimlar bor edi.
Ukraina, ayniqsa, Rossiya havo hujumlarining kuchayishi fonida sodir bo'lgan voqealardan juda xavotirda. Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari qo‘llagan qurollarning uchdan bir qismi amerikalik ekanligini ta’kidladi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQShning Kiyevdagi muvaqqat ishlar vakili Jon Xinkelni suhbatga chaqirib, unga “Ukraina mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi har qanday kechikish yoki ikkilanish tajovuzkorni tinchlikka intilishdan ko‘ra urush va terrorni davom ettirishga undaydi, xolos”, deb aytishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70517 | Инструменты