Huawei 1
Tramp va Mask ochiqchasiga urishib ketdi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Tesla hamda SpaceX kompaniyalari egasi, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) sobiq rahbari Ilon Mask 5 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keskin ziddiyatga kirishdi. Xususan, Tramp Maskning kompaniyalarini subsidiyalardan mahrum etish bilan tahdid qildi, u esa bunga javoban SpaceX zudlik bilan Dragon kosmik kemasining ekspluatatsiyasini to‘xtatishini ma’lum qildi.

Mojaroning keskin bosqichi Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida Maskni respublikachilarning soliq imtiyozlari va budjetni uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga so‘nggi hujumlari uchun tanqid qilishi bilan boshlandi.

«Men uning qonun loyihasini emas, meni tanqid qilishini afzal ko‘rgan bo‘lardim, chunki qonun loyihasi aql bovar qilmaydigan darajada ajoyib», – dedi Tramp. U Tesla rahbari «elektromobil sanoati uchun milliardlab dollarlik rag‘batlar olib tashlanganidan jahli chiqqani»ni taxmin qildi va Mask hujjat bilan «avvalboshdan yaxshi tanish bo‘lgani»ni ta’kidladi.

Mask Trampga X ijtimoiy tarmog‘idagi posti bilan javob berdi. U elektromobil ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasi tafsilotlaridan xabardorligi haqidagi gap yolg‘onligini aytdi, shuningdek, o‘zining qo‘llab-quvvatlovisiz Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmagan, respublikachilar esa AQSh Kongressi Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga ololmagan bo‘lardi, deb aytdi. «Qanday noshukrlik», – dedi u.

Tramp, o‘z navbatida, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Mask kompaniyalariga subsidiyalar berishni to‘xtatish mumkinligiga ishora qildi. «Budjetdan milliardlab va milliardlab dollarlarni tejashning eng oson yo‘li – Ilonning davlat subsidiyalari va shartnomalarini to‘xtatish. Men har doim Bayden nega bunday qilmaganiga hayron bo‘lardim!» – deb yozdi u. AQSh prezidenti, shuningdek, hukumatni tark etishni so‘raganida Mask  «aqldan ozayozgani» haqida yozgan.

Mask bunga javoban «haqiqiy bombani tashlash» vaqti kelganini aytdi va Tramp «Epshteyn fayllari» deb ataladigan hujjatlarda borligini yozdi – bu voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida savdo qilish va ularni fohishalikka undashda ayblangan moliyachi Jyeffri Epshteyn haqidagi hujjatlar. «Bu fayllarning hech qachon nashr etilmaganining haqiqiy sababidir», – deb yozadi Mask. U o‘z so‘zlariga hech qanday dalil keltirmagan.

Shundan so‘ng Mask o‘ziga tegishli SpaceX kompaniyasi Dragon kosmik kemasini ekspluatatsiya qilishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Hozirda bu NASA kosmonavtlarni Rossiya «Soyuz» kemalari yordamiga murojaat qilmasdan Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazib bera oladigan yagona Amerika kemasidir.

«Prezidentning mening davlat shartnomalarimni bekor qilish haqidagi bayonoti munosabati bilan SpaceX o‘zining Dragon kosmik kemasini zudlik bilan ekspluatatsiyadan chiqarishni boshlaydi», – deb yozdi Mask. Shuningdek, u Trampga impichment e’lon qilinishi va uning o‘rniga vitse-prezident Jyey Di Vens tayinlanishi kerakligini aytdi.

Maskka tegishli Tesla aksiyalari uch soat ichida 15 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi. Keyin ular biroz o‘sdi, keyin esa keskin pasayishda davom etdi.

Ilon Mask saylovoldi poygasi paytida Donald Tramp kampaniyasining eng yirik xayriyachilaridan biri edi va respublikachi prezident etib saylanganidan so‘ng darhol budjet xarajatlarini, shu jumladan «samarasiz» amaldorlarni ishdan bo‘shatish orqali qisqartirishni maqsad qilgan hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimini egallagandi.

Ommaviy axborot vositalari Maskni «dunyodagi asosiy saylanmagan yetakchi» deb atagan va u aslida Oq uydagi ikkinchi eng qudratli shaxs ekanini ta’kidlagan. Biroq tadbirkorning DOGE rahbari sifatidagi faoliyati keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi, shundan so‘ng ularning Tramp bilan munosabatlari sovuqlashdi.

Aprel oyidan boshlab Mask va Tramp ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini deyarli tilga olishni to‘xtatdi, 30 may kuni Tesla egasi DOGE rahbari vakolatlaridan xalos bo‘ldi – bu rasman u maxsus davlat xizmatchisi lavozimini yiliga 130 kundan ortiq egallash mumkin emasligi bilan izohlandi. Shu kuni Tramp va Mask qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazib, bir-biriga qarata maqtovli so‘zlar aytgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60720 | Инструменты