Tunis sudlari tomonidan bir necha siyosatchilar, taniqli biznesmenlar va yuristlar 13 yildan 66 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud qaroriga ko‘ra, ular davlat xavfsizligiga qarshi fitna uyushtirishda aybdor deb topilgan. Muxolifat bu ayblovlarni asossiz deb hisoblaydi va buni prezident Qays Saidning tobora kuchayib borayotgan avtoritar boshqaruvining yana bir isboti sifatida baholamoqda.
Xabarlarga ko‘ra, ushbu ish doirasida jami 40 kishi, jumladan mashhur siyosatchilar, biznesmenlar va jurnalistlar javobgarlikka tortilgan. Ayblovlar e’lon qilingach, 20 dan ortiq shaxs mamlakatni tark etgan.
Rasmiylar ulardan ayrimlari, jumladan sobiq amaldorlar va sobiq razvedka xodimlari, mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirish va prezident Saidni hokimiyatdan ag‘darishga uringanini da’vo qilmoqda.
Qays Said esa o‘ziga nisbatan ilgari surilgan “diktaturani o‘rnatishga urinish” ayblovlarini rad etgan. U, o‘z so‘zlariga ko‘ra, siyosiy elita orasidagi keng tarqalgan korrupsiya va tartibsizlikka qarshi kurash olib bormoqda.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa prezident Said 2021-yilda parlamentni, 2022-yilda esa Oliy sud kengashini tarqatib yuborgani ortidan barcha qonun chiqaruvchi va sud tizimlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini ta’kidlashmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты