Rossiya qurolli kuchlari bir necha kundan buyon ketma-ket Kiyev va boshqa Ukraina shaharlari ustiga dronlar va raketalar bilan hujum uyushtirmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp bu hujumlar borasida to‘xtalib, sabr-toqatini yo‘qotayotgani yozdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “telba”, deb atadi.
«Men har doim Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lganman, ammo u bilan nimadir sodir bo‘ldi. U mutlaqo TELBA bo‘lib qoldi! U behudaga ko‘p odamlarni o‘ldiryapti — bu yerda gap faqat askarlar haqida emas. Hech qanday sabab bo‘lmasdan Ukraina shaharlari ustiga raketalar va dronlar uchirilmoqda», – deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSH prezidenti Putin butun Ukrainani bosib olmoqchi ekanini, biroq agar u buni amalga oshirsa, bu Rossiyaning qulashiga olib kelishini qo‘shimcha qilgan.
Tramp, shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapirayotgani va u buni to‘xtatishi kerakligini aytgan:
«Xuddi shuningdek, prezident Zelenskiy ham o‘z mamlakatiga foyda keltirmaydigan tarzda gapiryapti. Og‘zidan chiqqan har bir so‘z muammo tug‘dirmoqda. Bu menga yoqmaydi, va bu darhol to‘xtashi kerak.
Agar men prezident bo‘lganimda, bu urush hech qachon boshlanmas edi. Bu – Zelenskiyning, Putinning va Baydenning urushi, “Trampniki” emas. Men faqat juda yirik va jirkanch yong‘inlarni o‘chirishga harakat qilyapman – bular mutlaqo loqaydlik va nafrat tufayli boshlangan».
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты