Huawei 1
WSJ: AQSh Kiyevga Rossiyaning chuqur hududiga zarbalar berish uchun razvedka ma'lumotlarini taqdim etadi

Tramp maʼmuriyati chegaradan uzoqda joylashgan Rossiya energetika infratuzilmasiga uzoq masofali raketa zarbalari uchun Ukraina bilan razvedka maʼlumotlarini almashishga rozi boʻldi. Bu haqda 1-oktabr, chorshanba kuni The Wall Street Journal onlayn nashri ism-shariflari oshkor qilinmagan ikki nafar amerikalik mulozimga tayanib xabar berdi.

Mualliflarning qayd etishicha, bu qadam Tramp ma’muriyati Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Maqsad: Rossiyani neft daromadlaridan mahrum qilish

Reuters agentligiga ko‘ra, Vashington uzoq vaqtdan beri Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishib keladi. Biroq, WSJ maqolasiga ko‘ra, “yangi ishlanma Ukrainaga Kremlni daromad va neftdan mahrum qilish maqsadida neftni qayta ishlash zavodlari, quvurlar, elektr stansiyalari va boshqa infratuzilmalarga zarba berishni osonlashtiradi”.

WSJ ma'lumotlariga ko'ra, AQSh NATO ittifoqchilaridan Ukrainaga ham xuddi shunday yordam ko'rsatishni so'ragan. Donald Tramp avvalroq Yevropa davlatlarini Rossiya neftini xarid qilishni butunlay to‘xtatishga chaqirib, bu o‘z ma’muriyatining Rossiyaga nisbatan qattiqroq sanksiyalar joriy etishi uchun shart qilib qo‘ygan edi.

Zelenskiyning Tomagavk raketalari bo'yicha so'rovi

WSJ manbalariga ko‘ra, Ukrainaga qo‘shimcha razvedka ma’lumotlarini taqdim etish qarori Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magida urush olib borishga va o‘zining sobiq chegaralaridagi barcha hududini qaytarib olishga qodir” deb ishonishini bildirishidan biroz oldin kelishilgan.

26 sentabr kuni Britaniyaning The Telegraph gazetasi diplomatik manbalarga tayanib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasi doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yopiq uchrashuvda undan Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi “Tomagavk” qanotli raketalarini taqdim etishni so‘ragani haqida xabar berdi.

Bu raketalar 2500 km masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir, bu esa ularga Ukraina hududidan Moskva va Rossiyaning Yevropa hududining katta qismiga zarbalar berish imkonini beradi, deb xabar bermoqda Reuters.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100216 | Инструменты