AQShda yaqin yillarda kosmosga raketalarni uchirishga mo‘ljallangan asosiy start maydonchalariga bo‘lgan talab rekord darajada oshishi kutilmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal. Ta’kidlanishicha, bunga SpaceX hamda boshqa kompaniyalar parvozlar sonini oshirishni rejalashtirayotgani sabab bo‘ladi.
Kosmik parvozlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatilgan 2024 yilda (150 dan ortiq) startlarning asosiy qismi uchta maydonchadan amalga oshirilgan. Xususan, Floridaning Kanaveral burnidagi start kompleksi eng ko‘p yuklamaga duch kelgan (67 ta uchirish). Ikkinchi o‘rinni Kaliforniyadagi Vanderberg bazasi (47 ta) egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Kennedi kosmik markaziga (26 ta) nasib etdi.
WSJ’ning qayd etishicha, parvozlar sonini oshirish rejalari sabab start maydonchalarida tirbandlik yuzaga kelishi mumkin, hukumat amaldorlari va soha rahbarlari zaxira maydonchalar foydali yuklarning kosmosga o‘z vaqtida chiqarish imkonini bermasligidan xavotirda. Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasining sobiq amaldori Jorj Nildning so‘zlariga ko‘ra, har qanday avariya eng yirik kosmodromlardan birini bir oyga ishdan chiqarishi mumkin.
Boshqa kosmodromlar federal ruxsat olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ularning bir qismida dengizga chiqish imkoniyati yo‘q (raketalar odatda sohil bo‘yidagi hududlardan uchiriladi). Sohillar bo‘yicha yangi start maydonchasini qurish esa juda qiyin, chunki mahalliy aholi shovqinlar sabab ko‘pincha bunga rozi bo‘lmaydi.
Amaldorlar ushbu muammoni hal etishga urinmoqda. Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (FAA) milliy kosmodrom strategiyasini ishlab chiqish uchun bir guruh davlat idoralariga rahbarlik qiladi. Bu yo‘nalishdagi ish bo‘yicha hisobot 2025 yilda taqdim etilishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10803 | Инструменты