Huawei 1
Yevropa Rossiyaga qarshi to‘liq savdo embargosi joriy etishi mumkin

Yevropa yetakchilari 16-may kuni Albaniyada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni muhokama qilmoqchi. Bu haqda Politico xabar berdi.

Mazkur qarorga Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-may kuni tinchlik muzokaralarida ishtirok etish uchun Istanbulga kelmagani sabab bo‘lmoqda. 16-may kuni Tirana shahrida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Merts, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchrashishi kutilmoqda.

Tiranadagi Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitidagi norasmiy uchrashuvda asosiy e’tibor Moskvaga qarshi sanksiyalarni keskin kuchaytirish masalasiga qaratiladi, deyiladi xabarda.

Unda Yevropa Ittifoqi 2022-yilda joriy etgan, biroq hozirgacha to‘liq savdo embargosidan tiyilib kelgan Rossiyaga nisbatan chora ko‘rib chiqiladi. Yevropa Ittifoqi vakillari Rossiyaga qarshi 17-paket sanksiyalarini tasdiqlagan. Unda neft va gaz eksportiga qarshi qo‘yilgan cheklovlardan qochish uchun ishlatiladigan “soya floti”ga tegishli deyarli 200 ta kemaga qarshi chora-tadbirlar mavjud.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, sanksiyalarni uchinchi davlatlar orqali chetlab o‘tuvchi taxminan 30 ta tashkilot bilan o‘z kompaniyalariga hamkorlik qilishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, Rossiya harbiy mashinasiga yordam bergan 75 ta jismoniy va yuridik shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Cheklovlar 20-may kuni Yevropa Ittifoqining mudofaa va tashqi ishlar vazirlari tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Putin 11-may kuni Ukrainaga 15-may kuni Istanbulda “hech qanday dastlabki shartlarsiz” to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashni taklif qilgan edi. Bunga javoban Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘sha kuni Turkiyada Rossiya prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi va uni 15-may kuni Turkiyada shaxsan kutishini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin delegatsiya tarkibini tasdiqladi va o‘zini bu ro‘yxatga kiritmadi. 15-may kuni delegatsiyalarning Istanbuldagi uchrashuvi bo‘lib o‘tmadi. OAV muzokaralar 16-may kuni boshlanishi mumkinligini xabar qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51706 | Инструменты