Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Xitoyning 12 banddan iborat tinchlik tashabbusi rejaga o’xshamaydi, aksincha, shunchaki fikrlar ifodasidir.
“Menimcha, bu Xitoyning tinchlik rejasi emas edi, rezolyutsiya va deklaratsiya ham emas. Bu biror narsa uchun infratuzilma ham emas. Menimcha, Xitoy bu borada o’z fikrlarini bildirgan xolos”, - dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Xitoyning ushbu mojaro haqida “gapira boshlagani yaxshi bo’lganini”, ammo “masalaning boshqa tomoni - bu so’zlar ortida boshqa narsa bo'lishi mumkinligini” qo’shimcha qildi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoyning takliflarida u qo’shilmaydigan g’oyalar bor, lekin hududiy yaxlitlikni qo’llab-quvvatlash masalasidagi band Ukrainaga mos keladi.
Shu bilan birga, Zelenskiy agar Xitoy rejasida Rossiya qo’shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketish bandi bo’lmasa, bunday rejani amalga oshirish mumkin emasligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, prezident Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini, bu “Ukraina va dunyo xavfsizligi uchun foydali bo’lishi” kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, Zelenskiy, agar u taklif qilgan “tinchlik formulasi”ning barcha bandlari bajarilsa, harbiy harakatlarni tugatishni diplomatik yo’l bilan belgilashga o’tish mumkinligini aytdi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Bayden Xitoyning “tinchlik rejasi” faqat Rossiya uchun foydali bo’lishini aytgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51105 | Инструменты