Zimbabveda sherlar yashaydigan qo‘riqxonada besh kun davomida qolib ketgan sakkiz yoshli bola tirik holda topildi, deb xabar beradi BBC.
Mamlakat parlamenti a’zosining so‘zlariga ko‘ra, Tinotenda Pudu ismli bola uyidan 23 kilometr uzoqlikdagi Matusadona qo‘riqxonasiga sayrga borgan. Qo‘riqxona ichida adashib qolgan bola besh kun davomida sherlardan yashirinib, yovvoyi mevalarni tanovul qilgan holda omon qolgan.
Ta’kidlanishicha, Matusadona qo‘riqxonasida 40 ga yaqin sher mavjud. African Parks ma’lumotlarida keltirilishicha, ushbu qo‘riqxona qachonlardir Afrikadagi sherlarning eng zich populyatsiyasi kuzatilgan maskan bo‘lgan.
Bola tirik qolish uchun yovvoyi tabiatda jon saqlash bo‘yicha bilimlarini ishga solgan. Tinotenda ichimlik suv olish uchun tayoq yordamida quruq daryo o‘zanlarida kichik quduqlar qazigan — bunday usulni u qurg‘oqchil hududda yashagani bois o‘rgangan.
Nyaminyami mahalliy jamoati a’zolari qidiruv guruhini tashkil etib, har kuni do‘mbira chalgan holda bolaning uyga qaytishiga imkon yaratgan. Oxir-oqibat bolani qo‘riqxona kuzatuvchilari topishga muvaffaq bo‘lgan.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, yovvoyi tabiatdagi «sayohati»ning beshinchi kunida Tinotenda mashina ovozini eshitib qolgan va u tomon yugurib borgan.
Qo‘riqxona maydoni 1470 kilometr kvadratdan ortiqni tashkil etib, u yerda zebralar, fillar, begemotlar, sher va antilopalar yashaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10512 | Инструменты