Huawei 1
7360 kg li o'zbek palovi Ginnes kitobiga kirdi

Rekord o'rnatildi! Yurtimizning 50 ga yaqin taniqli oshpazlari qariyb 8 tonna palov tayyorlab, Ginnesning rekordlar Kitobiga kirdi. Bu voqea O'zbegim milliy qadriyatlar  festivali doirasida bo'lib o'tdi.  Erta tongdan poytaxtimizning sayilgoh ko'chasi, O'zbekiston Forumlar saroyi oldi tomoni, Amir Temur xiyoboni bo'ylab  o'tkazildi.

“Milliy” telekanali tomonidan tashkil etilgan ushbu festival yorqin va rang-barang dasturlardan iborat bo'lib, uning eng muhim voqeasi albatta rekord miqdordagi palovning tayyorlanishi bo'ldi. Shu kun erta tongdan palovning tayyorlanish jarayonini minglab insonlar bevosita to'g'ridan-to'g'ri efirlar orqali kuzatgan bo'lsa, maydonga tashrif buyurgan mehmonlar o'z ko'zlari bilan bayram tadbiriga guvoh bo'lishdi.

Bu jarayonda, shuningdek, Guinness World Records vakillari ham ishtirok etdi. Palov tayyor bo'lgach, o'zbek milliy madaniy hayotidagi tarixiy voqea yuz berdi. Palov maxsus tarozi yordamida o'lchandi va 7360 kg miqdor bilan Ginnesning rekordlar Kitobidan joy oldi.  Guinness World Records vakili Richard Stenning ta'kidlashicha, ushbu palovni tayyorlashda barcha qoidalarga to'liq amal qilindi. Albatta, bu rekordni o'rnatgan oshpazlarimiz birinchi bo'lib olqishlarga sazovor bo'ldi. Ular 7 kundan beri tun-u kun uyqu nimaligini bilmay rekordni o'rnatishga erishishdi va qo'li shirin oshpazlarning nomi ham tarix zarvaraqlaridan joy oldi.

Shu bilan birga, kun davomida festival o'tkazilayotgan maydon uzra turli folklor jamoalari o'z chiqishlari bilan kelgan mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashdilar. Shuningdek, o'zbek xalqining milliy bayramlarida an'anaga aylangan mohirona dorbozlar shousi, polvonlarning chiqishlari ham festivalga o'zgacha ko'rk baxsh etdi. Ochiq osmon ostidagi sharq art-bozorida esa eng yaxshi hunarmandlar o'zlarining ijod mahsulini taqdim etishdi. Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar esa hunarmanchilik namunalari va boshqa san'at asarlarini xarid qilish imoniyatiga ega bo'ldilar.

Gastronomik yarmarkada esa mehmonlarga Xorazm, Buxoro, Farg'ona va Surxondaryo singari viloyatlariga xos milliy taomlar, shirinliklar hamda mazkur viloyatlarda yetishtirilgan meva sabzavotlardan ta'tib ko'rish imkoniyati yaratildi.

Festivalning kechki dasturlaridan esa gala konsert, feshn shou va, albatta, O'zbegim kitobining taqdimoti o'rin olgan.  Bir so'z bilan aytadigan bo'lsak, ushbu festival milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz hamda boy madaniy merosimizning bor go'zalligini namoyish etishga muvaffaq bo'ldi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70308 | Инструменты