Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) doirasida bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari jinslar kesimida ham tahlil qilindi
Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) doirasida bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari jinslar kesimida ham tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, qizlar o‘rtasida bandlik darajasi yigitlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan, yigitlarda esa o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi yuqoriroq qayd etilgan.
BSI ma’lumotlariga ko‘ra, qizlar o‘rtasida bandlik darajasi 85,1 foizni, yigitlarda esa 80,4 foizni tashkil etgan. Shuningdek, ishga joylashishgacha bo‘lgan o‘rtacha muddat qizlarda 2 oy, yigitlarda esa 3 oyni tashkil qilgan.
O‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichi bo‘yicha esa boshqa nisbat kuzatiladi. Yigitlarning o‘rtacha ish haqi 6 million so‘m, qizlarniki esa 3,9 million so‘mni tashkil etgan.
Bitiruvchilarning ta’lim yo‘nalishlari va mehnat bozoridagi natijalari ham alohida tahlil qilingan. Yuqori natija qayd etilgan TOP-5 yo‘nalish qizlarda transport xizmatlari, matematika va statistika, ta’lim, biznes va boshqaruv hamda gumanitar fanlar bo‘lgan.
Yigitlarda esa biznes va boshqaruv, sog‘liqni saqlash, san’at, matematika va statistika hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari yuqori natija qayd etgan.
Bitiruvchilar sifati indeksini hisoblashda ma’lumotlar 10 ta davlat axborot tizimi bilan integratsiya qilingan holda avtomatik shakllantirilgan. Jumladan, indeksni hisoblash jarayonida HEMIS, soliq, mehnat, ijtimoiy himoya, bojxona va boshqa davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlardan foydalanilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91917 | Инструменты