Toshkent xalqaro arbitraj markazining asosiy vazifalari nimalardan iborat?

O'zbekiston hududida xalqaro arbitrajlar faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi nizolarni xorijiy arbitrlarni jalb etib, xalqaro huquqni qo'llagan holda ko'rib chiqish imkoniyatlarini cheklamoqda. Bundan tashqari, O'zbekistonda xalqaro arbitraj qarorlarini ijro etishning aniq huquqiy mexanizmlari shakllantirilmagan va bu xorijiy investorlarning mamlakatimiz sud-huquq tizimiga bo'lgan ishonchiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, oqibatda bu respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini pasayishiga olib kelmoqda. Mahalliy arbitrlar va xalqaro arbitraj sohasidagi boshqa mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati yo'lga qo'yilmagan. Shu munosabat bilan Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini tashkil etish to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko'ra, nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etiladi.

Ushbu Markaz faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– Turli davlatlarda joylashgan tijorat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy investorlar o'rtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bog'liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etish

– Nizolarni xalqaro arbitraj orqali xal etish va uning boshqa muqobil usullari yordamida hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish

– Yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashish, shuningdek, Markazda nizolarni hal etishga xorijiy arbitrlarni jalb qilish

– Xalqaro arbitraj, shu jumladan, investitsiyalar bilan bog'liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ushbu yo'nalishda tadqiqotlar o'tkazish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish

– Mahalliy va xorijiy xo'jalik yurituvchi sub'ektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bog'liq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat bo'lgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini ko'rsatish joriy etiladi.

Markazga arbitr sifatida O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lgan mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy davlatlar fuqarosi bo'lgan malakali arbitrlar ham jalb etiladi.

Markaz arbitrlarining qarorlari O'zbekiston Respublikasi hududida hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish uchun qonun hujjatlarida, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro shartnomalarida ko'zda tutilgan tartibda ijro etiladi.

Markazda yozishmalar va ish yuritish o'zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Sudlar o'z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda arbitraj ishlari ko'rilishida dalillar olish, to'plash, Markaz arbitrlari qarorlarining ijrosini ta'minlash bo'yicha choralar ko'rish borasida Markazga ko'maklashadi.

Markazning O'zbekiston norezidenti bo'lgan arbitrlari arbitr funksiyalarini bajargani uchun gonorar sifatida olingan mablag'lar qismi uchun jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliqdan ozod etiladi.

Xorijiy davlatlar fuqarolarini Markaz arbitrlari va ekspertlar sifatida jalb etish uchun mamlakatimiz hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olish talab etilmaydi.

Nizoni xalqaro arbitraj orqali ko'rib chiqish uchun arizalarni qabul qilish, shuningdek, eshituvlar va boshqa protsessual harakatlarni o'tkazish onlayn tartibda, arbitrlar va tomonlarning ishtirokisiz amalga oshirilishi mumkin.

Markazda nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishda ishtirok etayotgan tomonlarning vakillarida advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziya talab etilmaydi.

Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nizolarni mediatsiya tamoyilini o'tkazish orqali hal etish va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullarini qo'llash huquqiga ega.

Yuridik shaxslarning Markazda nizoni ko'rib chiqish bilan bog'liq arbitraj xarajatlarini to'lashga yo'naltiriladigan mablag'lari qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etiladi.

Markaz qoshida arbitraj sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislardan, shuningdek, jahonning e'tirof etilgan arbitraj markazlari arbitrlaridan iborat Kuzatuv kengashi tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты