Hindiston poytaxtidagi Humoyun Mirzo maqbarasi huzurida Boburiylar tarixiga bag'ishlangan Butunjahon merosi muzeyi tashkil etildi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.
Muzeyga ilk tamal toshi 2015-yilda Hindiston madaniyat va turizm vaziri Mahesh Sharma va Aga Xan xalqaro jamg'armasi ta'sischisi hamda rahbari Aga Xan tomonidan qo'yilgan. O'tgan qariyb 10 yil davomida muzey joylashgan Humoyun Mirzo maqbarasi atrofidagi deyarli 120 gektar maydonda ulkan bog' qad rostladi.
Tarixiy manbalarga asoslanib, Boburiylar davrida Hindistonda barpo etilgan bog'lar kabi bugungi kunda muzey joylashgan ushbu bog'da ham noyob, dunyoning boshqa burchaklarida kam uchraydigan ko'chat va gullar, mahalliy issiq va nam havoga moslashgan daraxt va bo'talar parvarish qilinmoqda. Mazkur ulkan hududda deyarli so'nggi 25 yil davomida tarixchi olimlar va arxeologlar tomonidan Aga Xan xalqaro jamg'armasi ko'magida Boburiylar davridan meros bo'lib qolgan 60 dan ziyod qadimiy obidalar saqlanib qolindi.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, buyuk ajdodimiz, davlat arbobi, shoir va faylasuf, mohir sarkarda va hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburdan keyin Hindiston taxtiga o'tirgan Humoyun Mirzo maqbarasini ziyorat qilish uchun bir yilda 3 millionga yaqin kishi keladi. Ularning salkam 300 ming nafarini maktab o'quvchilari tashkil qiladi.
Maqbara joylashgan hududda tashkil etilgan ulkan bog' ichida Humoyun Mirzo, uning davlatchilik tarixi, undan avlodlarga qolgan ulkan tarixiy-madaniy meros hamda olim va shoir sifatidagi madaniyatparvar va sahovatpesha podshoh davriga bag'ishlangan muzeyning tashkil etilishi esa Boburiylarning shonli tarixi, buyuk ajdodlarimizning Hindistonda qoldirgan bebaho merosini o'rganishga ishtiyoqmand bo'lganlar sonini yanada oshiradi.
Ushbu muzeyni tashkil etishga Hindiston Madaniyat va turizm vazirligi 60 ming AQSh dollari ajratdi. Shuningdek, loyihani moliyalashtirish uchun Aga Xan xalqaro jamg'armasi va boshqa tashkilotlar katta hissa qo'shdi.
Muzeydan Hindiston Milliy muzeyi, Hindiston Arxeologiya tadqiqotlari qo'mitasi va Aga Xan xalqaro madaniyat jamg'armasi tomonidan taqdim etilgan 500 dan ortiq noyob ashyolar joy olgan.
Ular orasida Boburiylar davridan yetib kelgan miniatyura san'ati namunalari va qo'lyozma asarlar, Humoyun Mirzo maqbarasi va uning yon-atrofidagi hududga tegishli bo'lgan arxitektura ashyolari, tilla va kumush tangalar, 15 asrga oid nujum ilmiga tegishli bo'lgan globus va boshqa osori-atiqalar, 17-asrga oid temir buyumlar, oyna va matolar, qurol-aslaha, nayza va pichoqlar, sarkarda va jangchilarning zirhli kiyimlari, Humoyun Mirzo davriga tegishli hukmdor toji hamda so'nggi Boburiy podshoh Bahodirshoh Zafar II o'tirgan taxtiravon bor.
Shu o'rinda qayd etish kerakki, Hindiston hukumatining birinchi rahbari Javoharla'l Neru Humoyun Mirzo haqida "madaniyatli va o'qimishli kishi", deb yozgan edi. U riyoziyot va nujum ilmiga g'oyat qiziqar, musiqiy ilmni juda qadrlardi. Shu asnoda, ushbu tarix va ziyo maskanida temuriyzoda hukmdorlarga xos va mos ravishda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek ishining hind zaminida davomchisi bo'lgan Humoyun Mirzoning astronomiya va astrologiya ilmiga qiziqishi va ushbu sohaga doir alohida ko'rgazmali zal tashkil etildi. Mazkur zalda o'z davrida Samarqanddan taklif etilgan hunarmand ustalar tomonidan hukmdorga maxsus yasalgan astrolyabiya aslahalari, osmon va sayyoralar xaritasi, o'rta asr globusi hamda tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega muhim artefaktlar namoyishga qo'yilgan.
Bundan tashqari, qo'shni zallarda muzeyga tashrif buyuruvchilar Humoyun Mirzoning hayot yo'li, uning saroydagi kundalik turmush tarzi va davlatchilik rivojlantirishga oid asarlar, jangu-jadallarni aks ettiruvchi aslahalar va 3D shakldagi virtual xaritalarni ko'zdan kechirishlari mumkin.
Tadbirda qatnashgan Hindiston hukumati, xorijiy diplomatik korpus va jamoatchilik vakillari muzeyda namoyishga qo'yilgan rang-barang artefaktlar tarixni boricha bugungi va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
Luis Monreal, Aga Xan xalqaro jamg'armasi bosh direktori:
– Ushbu muzeyni tashkil etishdan asosiy maqsad xalqimizga, xususan yoshlarimizga Humoyun Mirzo yashab o'tgan hayot yo'li va Boburiylar sulolasiga tegishli bo'lgan ulkan tarixiy-madaniy merosni boricha va zamonaviy talqinda namoyish etishdir. O'z navbatida, bugungi tadbir shukuhini O'zbekiston xalqi bilan bo'lishishni istar edim.
Shuningdek, Humoyun Mirzo maqbarasi qoshida Butunjahon merosi muzeyi tashkil etilishi – bu nafaqat hindistonlik, balki dunyoning turli nuqtalaridan kelayotgan sayyohlar uchun Boburiylar sulolasi, xususan Humoyun Mirzo Hindiston tarixida qanday muhim o'rin tutishini bamisoli mayoqdek namoyon qilib turadi.
Ratish Nanda, taniqli arxitektor, Aga Xan xalqaro jamg'armasi xodimi, muzey direktori:
– Muzeyning aynan Humoyun Mirzo maqbarasi hududida barpo etilishdan maqsad Temuriylar merosi va ularning qurilish sohasida erishgan misli ko'rilmagan yutuqlarini yana bir bor dunyoga namoyish qilishdir. Muzeydan joy olgan ashyolar Temuriylar, jumladan, Mirzo Boburning katta o'g'li Humoyun Mirzodan bizgacha yetib kelgan tarixiy-madaniy va ilmiy meros haqida so'zlaydi.
Shuningdek, namoyishga qo'yilgan artefaktlar Humoyun Mirzo davrida Janubiy Osiyodek katta mintaqadagi tarixiy o'zaro bog'liqlik, xususan, Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston o'rtasidagi faol almashinuvlar hamda ular natijasida Dehlida vujudga kelgan arxitektura va shaharsozlikning eng yaxshi namunalarini o'zida aks etib turibdi. Muzey Aga Xan xalqaro jamg'armasi tomonidan so'nggi 25 yil davomida olib borgan izlanish va tarixiy topilmalarning, jumladan, 60 ta noyob yodgorliklarning qayta tiklanishi va konservatsiya qilinishi natijasida yuzaga keldi.
Biz bu kabi ishlarni Temuriylar vatani – Samarqand va Buxoro shaharlarida ham davom ettirish niyatidamiz.
Hamdan Abdul Majid, Malayziyaning "Thinkcity" biznes-konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori:
– Ushbu muzeyning tashkil etilishi nafaqat Hindiston xalqi, balki Boburiylar davri va tarixini o'rganishga qiziqish bildirayotgan barcha, jumladan o'zbekistonliklar uchun ham juda muhimdir. Chunki, Boburiylar sulolasi asoschisi bo'lgan Mirzo Boburning kelib chiqishi va uning ildizlari hozirgi O'zbekiston zaminiga borib taqaladi. Biz buni yaxshi bilamiz va tarixni qadrlaymiz.
Mirzo Bobur Hindistonga kelib, buyuk davlatchilikka asos soldi. U o'zi tamal toshi qo'ygan sulola davomchilari orqali go'zal binolar, ulkan tarixiy va madaniy meros, boy ilm-fan va adabiy meros qoldirdi. Yana bir bor, O'zbekiston xalqini ushbu muzey ochilishi bilan chin dildan tabriklayman.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122217 | Инструменты