Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2030 yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligi tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan “yo‘l xaritasi”da, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

  • 2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino – Gʻarb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
  • oliy tibbiyot ta’lim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar, ochiq ma’ruzalar tashkil etish;
  • xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspedisiyalar tashkil etish, allomaning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini jamlash;
  • “Moʻjaz al-Qonun”, “Qonuncha”, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo”, “Sharq falsafasi” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash;
  • “Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi. Markazning asosiy vazifalari:

  • Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazish, natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash;
  • Qo‘lyozmalarni jamlash, o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish;
  • Tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari va mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish.

Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102016 | Инструменты