Filmni joriy yilning sentabr oyida efirda namoyish etish mo‘ljallanmoqda
Joriy yilning 3-avgust kuni “EBS1” telekanali ijodiy guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif Koreyaning “Production Media Gil” produsserlik kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ijodiy safar 16-avgustgacha davom etadi.
Tashrifdan maqsad O‘zbekistonning turistik salohiyatini ijtimoiy tarmoq orqali namoyish qilish, xorijiy davlatlarda milliy turistik brendni ommalashtirish va Koreya Respublikasidan sayyohlar oqimini ko‘paytirish. Shu boisdan “EBS1” telekanali O‘zbekistonda “Dunyo boʻylab tematik sayohatlar” telekoʻrsatuvining “Oʻzbekiston – shirin hislar mamlakati” nomli navbatdagi sonini tasvirga olmoqda. Mazkur sonda O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan maskanlari, oʻzbek xalqining milliy taomlari, meʼmoriy yodgorliklari, madaniyati va anʼanalari haqida hikoya qilinadi. Hujjatli filmni joriy yilning sentabr oyida efirda namoyish etish mo‘ljallangan.
Ta'kidlash kerakki, ijodiy guruhning Toshkent shahridan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlariga ham tashrifi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o'rnida, “Dunyo bo‘ylab tematik sayohatlar” dasturi 10 ta eng ommabop koreys sayyohlik teleko‘rsatuvlaridan biri bo'lib, tomoshabinlari 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sayyohlardir. Dastur “EBS1” milliy telekanalida, shuningdek, “TV Chosun”, “SkyTravel”, “National Geographic”, “Channel View” va boshqa ko‘plab kanallarda namoyish etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50119 | Инструменты