Paragvay poytaxti Asunsyon shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga yangi element – Rubob yasash va ijrochilik sanʼati kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu nomzodnoma O‘zbekiston, Afg‘oniston, Eron va Tojikiston davlatlari tomonidan taqdim etilgan. Hukumatlararo qo‘mitaning 19.COM 7.b.18 qaroriga muvofiq, element rasman ro‘yxatga kiritildi. Nomzodnoma hujjatlari Milliy komissiya kotibiyati tomonidan Madaniyat vazirligining mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Bu element YUNESKO ro‘yxatiga O‘zbekiston nomidan kiritilgan 16-element bo‘lib, mamlakatning madaniy merosini xalqaro darajada tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Elementning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi nafaqat xalqaro, balki milliy darajada ham uning qadri va ahamiyati haqida xabardorlikni oshiradi. Shu bilan birga, uni aʼzo davlatlar bilan birgalikda asrash, avlodlarga yetkazish va umumbashariy madaniy merosni boyitish imkoniyatini yaratadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20511 | Инструменты