22 noyabrda Parijdagi Arab dunyosi institutida O‘zbekiston xalq va amaliy sanʼatining XIX asr o‘rtalari - XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda yaratilgan noyob asarlari ko‘rgazmasi ochiladi.
Nukus shahrida joylashgan Saviskiy Davlat sanʼat muzeyi eksponatlari ko‘rgazma negizini tashkil etadi. Ular orasida qoraqalpoq xalqining anʼanaviy dekorativ-amaliy sanʼati asarlari va XX asrda ijod qilgan o‘zbekistonlik rassomlarning Turkiston avangardi oltin fondiga kiritilgan asarlari ham bor.
Ko‘rgazma uchun eksponatlar muzey xodimlari va ularning fransuz hamkasblari tomonidan birgalikda tanlab olindi.
Taʼkidlash kerakki, eng qiziqarli eksponatlardan biri qoraqalpoq ayollarining XVII-XVIII asrlardagi anʼanaviy bosh kiyimi — tobelik hisoblanadi. Tobelik marjon va firuza toshlari hamda kumush plastinalardan yig‘ilgan slindrsimon shaklga ega. U to‘y bosh kiyimi — saukele ustidan kiyiladigan qo‘shimcha bezak, o‘ziga xos toj vazifasini bajargan deb hisoblanadi.
Ko‘rgazmada kimesheki ham taqdim etiladi. U ham ayollarning milliy bosh kiyimidir. Kimesheki boshni butunlay qoplaydi, yuz esa ochiq qoladi. Baʼzi jahatlariga ko‘ra “kapyushon”ni eslatadi. Turmush qurgan ayollar muayyan rangdagi kimesheki kiygan va shu orqali o‘z maqomiga urg‘u bergan.
Arabeki — burunga taqiladigan kichik xalqalar ham shubhasiz tashrif buyuruvchilarning eʼtiborini jalb qiladi. Ular oltindan yasalgan va spiral o‘ramlar, mayda feruza va korall munchoqlari bilan bezatilgan. Arebekilarni yosh qoraqalpoq ayollari burnining o‘ng tarafiga taqqan bo‘lib, bu bezaklar O‘zbekistonning boshqa hududlarida uchramaydi. Ularni zamonaviy pirsingga o‘xshatish mumkin.
Tanlab olingan eksponatlar orasidan O‘rol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina mo‘yqalamiga mansub asarlar joy olgan. Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqalarning asarlari ham bor. Mualliflarning o‘ziga xos rassomlik uslubiga qaramay, barcha asarlar bitta mavzu — Sharq va uning rang-barangligidan ilhomlanib yaratilgan va shu mavzu atrofida birlashtirilgan.
Masalan, Nikolay Karaxanning "Qarag‘ay daraxtlari qurshagan hovuz bo‘yidagi choyxona" asarini ko‘rgan tomoshabin o‘sha davrdagi odamlarning qanday kiyinishi va dam olishi, ularning turmush tarzi, tabiatni darhol anglashi mumkin.
Viktor Ufimsevning "Sharq motivi" asari ham juda qiziq. Sibirda tug‘ilgan rassom Markaziy Osiyo bilan tanishar ekan, asta-sekin anʼanaviy Islom sanʼatini o‘rgandi. Ushbu asar musulmon miniatyurasining erkin modernistik stilizatsiyasi bo‘lib, unda anʼanaviy ziyofat sahnasi aks ettirilgan. Asarda dam olayotgan ikki ayol tomon qo‘lida ko‘za ko‘tarib kelayotgan erkak tasvirlangan.
G‘arb tomoshabinlari ushbu asarga qarab, Sharqda har doim ayolga bo‘lgan chuqur hurmatni yuksak baholashi mumkin.
Umuman olganda, Savitskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun to‘plam Sharq madaniyati va xususan O‘zbekistonning rang-barangligi, o‘ziga xosligi va jozibasini ochib berishga mo‘ljallanganini alohida taʼkidlash lozim. Va u Yevropaning mashhur poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida taqdim etilishi katta ramziy maʼnoga ega. Bu G‘arb va Sharqning birgalikda mavjud bo‘la olishi va bir-birini o‘zaro boyitishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122704 | Инструменты