Asaka Motors International (O‘zbekiston) va “Rosatom” (Rossiya) yonilg‘i divizioni litiy-ion akkumulyator batareyalari hamda energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuv imzoladi, deb xabar berdi “Rosatom” matbuot xizmati.
Hujjat 25 sentyabr kuni Moskvadagi «Butunjahon atom haftaligi» doirasida imzolangan.
Tomonlar O‘zbekistonda elektromobillar va statsionar energiya saqlash tizimlari uchun tortuv akkumulyatorlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini yaratadi.
Yig‘uv liniyasi quvvatlarini aniqlash, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish, salohiyatli buyurtmachilarni aniqlash, mahsulotlarni Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa xalqaro bozorlarga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilmoqda.
“Rosatom”ning yonilg‘i divizioni (boshqaruv kompaniyasi — “TVEL” AJ) yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish, konversiya va uranni boyitish korxonalarini o‘z ichiga oladi. Matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, “TVEL” 15 davlatdagi 70 dan ortiq energetika reaktorini, dunyoning 9 mamlakatidagi tadqiqot reaktorlarini, shuningdek, Rossiya atom flotining transport reaktorlarini yoqilg‘i bilan taʼminlaydi.
Yoqilg‘i divizionida, shuningdek, kimyo, metallurgiya, energiyani saqlash texnologiyalari, 3D bosib chiqarish, raqamli mahsulotlar va yadroviy foydalanishdan chiqarish sohalarida yangi korxonalar rivojlanmoqda.
Asaka Motors International 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, BAA, Janubiy Koreya va Xitoydan avtomobillarni ulgurji yetkazib berishga ixtisoslashgan. Hozirda kompaniya O‘zbekistonda sanoat va yuqori texnologiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92702 | Инструменты