Huawei 1
Birjada suyultirilgan gaz narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4,1 mln so‘mdan 3,9 mln so‘mga pasaydi

Joriy yilning 19 – 23-sentyabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 677,0 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 2,2% ga kamdir. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar qildi.

Ta'kidlanishicha, sotuvlarning 81,0% - birja savdolari; 0,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari; 18,6% - elektron davlat xaridlari va 0,2% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 169,3 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Suyultirilgan gaz

Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 4 175,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va undan 3 229,0 tonnasi, ya’ni 77,3% qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 132 xaridor ishtirok etdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 107,1 ming so‘mdan 3 915,9 ming so‘mgacha, ya’ni 4,6%ga pasaygan.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 3 995,4 ming so‘mni tashkil etdi.

Paxta tolasi

O‘tgan haftada birja savdolarida 1 988,0 tonna paxta tolasi qo‘yildi va undan 1 926,0 tonnasi, ya’ni 96,9% qismi sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 385,0 tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta tolasining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 24 786,0 ming so‘mdan 22 186,4 ming so‘mgacha, ya’ni 10,5% ga pasayganini ta’kidlash lozim.

Omuxta yem

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 13 243,0 tonna omuxta yem qo‘yildi va undan 11 462,0 tonnasi, ya’ni 86,5% qismi sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda omuxta yem bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 2 327,3 ming so‘mdan 2 196,4 ming so‘mgacha, ya’ni 5,6% ga pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 132 ta xaridor ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты