Bunday qoidabuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilangan
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda BYD avtomobili haydovchisi tez yordam mashinasiga ogohlantirilishlarga qaramay yo'l bermagani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Unda sirena yoqilgan tez yordam mashinasida ketayotgan xodimlar haydovchidan yo‘l berishni bir necha bor so‘raganiga qaramay, u yo‘l bermasdan harakatini davom ettirgani aks etgan. Toshkent YHXB matbuot xizmati ushbu haydovchining shaxsiga oydinlik kiritilib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganini ma’lum qildi.

“Bu narsa qasddan bo‘lmagan. Shu paytgacha, bundan oldin har doim yo‘l berib kelganman. O‘sha payt oynalar yopiq bo‘lgan, konditsioner ishlayotgan bo‘lgan va musiqa ham qo‘yilgan edi. Shuning hisobiga eshita olmay qolganman”, degan BYD haydovchisi profilaktik suhbatda.
Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
Bunday qoidabuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90912 | Инструменты