Huawei 1
Ekspertlar 2017-2023-yillar mobaynidagi O'zbekistonda pul-kredit va bank tizimida ro'y bergan o'zgarishlarni tahlil qildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023-yillar mobaynida O'zbekistonda pul-kredit va bank tizimida ro'y bergan o'zgarishlarni tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko'ra, 2017-2023-yillar oralig'ida tijorat banklaridagi jami depozitlar qoldig'ida o'sish kuzatildi. Xususan, tijorat banklaridagi jami depozitlar qoldig'i 2017-yilda 59,6 trln. so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2023-yilga kelib bu ko'rsatkich 4,1 barobarga ortib, 241,7 trln so'mga yetdi. Ushbu davr mobaynida chet el valyutasidagi depozitlar qoldig'i 3,5 mlrd AQSh dollardan 5,8 mlrd AQSh dollargacha (1,6 barobar) oshdi.

O'rganilgan davr oralig'ida tijorat banklari jami kreditlari qoldig'i ham sezilarli o'sdi. Ushbu ko'rsatkich 2017-yilda 110,6 trln. so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2023-yilga kelib 471,4 trln. so'mga yetdi (4,3 barobarlik o'sish). Xususan, aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 6,5 barobarga, iste'mol kreditlari 26,7 barobarga va tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun ajratilgan kreditlar hajmi 3,7 barobarga ko'paydi. Shuningdek, 2017-2023-yillar davomida chet el valyutasida ajratilgan kreditlar qoldig'i 8,5 mlrd. AQSh dollardan 17,2 mlrd. AQSh dollargacha (2,0 barobar) oshdi.

Pul-kredit siyosatini olib borishda inflyatsion targetlash siyosatiga o'tilishi iqtisodiyotda pul massasini samarali boshqarish imkonini berdi. 2017-2023-yillar davomida keng ma'nodagi pul massasi (M2) hajmi 73,2 trln. so'mdan 212,1 trln. so'mgacha (2,9 barobar) oshgan bo'lsa-da, uning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga (YaIM) nisbati 23,1 foizdan 19,9 foizgacha pasaydi.

2017-2023-yillar mobaynida bank tizimi orqali mijozlarga xizmat ko'rsatish hajmi ortdi. Xususan, muomalaga chiqarilgan bank plastik kartalari soni 2017-yilda 19 225,7 mingtani tashkil etgan bo'lsa, 2023-yilda 2,4 barobarga ortib, 46 205,9 mingtaga yetdi. Shuningdek, o'rnatilgan to'lov terminallari soni 235,7 mingtadan 429,3 mingtaga (1,8 barobar), o'rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 5,6 mingtadan 26,6 mingtaga (4,8 barobar), masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 4 453,2 mingtadan 42 760,0 mingtaga yetdi (9,6 barobar). Mazkur davrda to'lov terminallari orqali amalga oshirilgan to'lovlar hajmi esa 53,0 trln. so'mdan 254,7 trln. so'mga (4,8 barobar) oshdi.

Pul-kredit tizimda islohotlarni jadallashtirish maqsadida "O'zbekiston - 2030" strategiyasida bir nechta chora-tadbirlar belgilangan. 

Jumladan:

 Bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 40 mlrd AQSh dollarga yetkazish, bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish;

Banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 ta bankni saqlab qolish, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banklarini jalb qilish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110709 | Инструменты