Huawei 1
Energetika vaziri propanning birja narxi 2 baravarga oshgani haqidagi savolga javob berdi

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida apreldan sentabrgacha propanning birja narxi ikki baravarga oshgani haqidagi savolga javob berdi.

“Birinchidan, bizda propan-butan ishlab chiqarish u darajada oshgani yo‘q. Chunki propan-butan gazni tozalash jarayonida tabiiy gazdan ajratib olinadi. Avvalgi yillari 800 ming tonnadan sal ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 850−860 ming tonna atrofida ishlab chiqarilmoqda”, — dedi u.

Vazirga ko‘ra, aholining maishiy ehtiyojlari uchun yozda oyiga 45−48 ming, qishda esa 56 ming tonnagacha propan-butan aralashmasini ishlatadi.

“[Narxlar oshishining] birinchi sababi — propan-butan aralashmasida ishlaydigan avtomobillar soni oxirgi bir yilda 1,57 baravar oshgan. Metanning iste’moli ham oshgan. Ikkinchidan, aholiga propan gaz 1600 so‘mdan yetkazib beriladi va ko‘chadagi narx bilan tavofut mavjud”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Uning aytishicha, narxlardagi bu tafovut ortidan korrupsiyaviy holatlar kelib chiqmoqda. Energetika vazirligining prokuratura bilan ko‘rgan choralari natijasida 14 ming 500 tonna propan gaz noqonuniy savdosi bo‘yicha shunday holatlar fosh etilgan va bunga chek qo‘yilgan. Ya’ni mazkur aholiga mo‘ljallangan 14 500 tonna suyultirilgan tabiiy gaz oldin “zapravka”larda bo‘lgan va bu ham taklifning ko‘proq bo‘lib turishiga olib kelgan.

“Import masalasiga keladigan bo‘lsak, olib kelishsin, barchaga hamma yo‘llar ochib berilgan. Olib kelib sotishyapti ham. Davlat aralashmasin degandinglar, biz aralashmay barchaga qo‘yib bergandik, yetarli olib kelisholmadi. Hozir aralashishga majbur bo‘ldik”, — dedi vazir.

U, shuningdek, narxlar to‘satdan oshib ketmaganini, birjaga qancha hajm chiqarilgan bo‘lsa, shundog‘icha sotilganini qayd etdi. Shuningdek, Jo‘rabek Mirzamahmudov may oyidan sentabrgacha birjada taklif kamayganini iste’mol bo‘lmagani bilan izohladi.

Otabek Bakirovning birjaga chiqarilayotgan mahsulotning asosiy qismi bitta yetkazib beruvchi hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqidagi savoliga esa u quyidagicha javob berdi:

“Mana bugun „Lukoyl“ 300 tonna qo‘ydi, „Poytug“ 40 tonna qo‘ydi. Samarqanddagi import bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkor „Sadash oil“ 1000 tonna qo‘ydi”.

Otabek Bakirov esa “Sadash oil” birjaga mahsulot chiqarishni 30-sentabrdan boshlaganini, taklif oshgandan keyingina narx tusha boshlaganini ta’kidladi.

“Ha, tushishni boshladi. Davlat aralashib tushirdimi? Mening birinchi o‘rindagi vazifam nima? Aholiga yetkazib berishmi? Aholiga yetkazib beryapmiz, qolgani birjaga qo‘yilyapti. Gaz ham, metan ham, benzin ham, boshqasi ham bor”, — deya ta’kidladi bunga javoban vazir.

Otabek Bakirov, shuningdek, Raqobat qo‘mitasi iyul oyi boshida hukumatga narxlar oshib ketishi bo‘yicha ogohlantirish xabarnomasini jo‘natganini, sentabr oyida esa takliflar kiritganini, lekin bunga hali javob berilmaganini aytdi va vazirdan bu takliflardan xabari bor yoki yo‘qligi haqida so‘radi.

“Biz qo‘mita bilan birga ishlaganmiz, barcha takliflarni birgalikda kiritganmiz”, — dedi vazir.

Keyin esa Otabek Bakirov vazirdan nima uchun propan importi bilan faqat kam sonli korxonalar shug‘ullanishi va mahsulot sentabr oxirigacha faqat Rossiyadan import qilingani haqida so‘radi.

“Hech kimga cheklov yo‘q. Biz qayerda qaysi davlatlararo munosabatda yordam kerak bo‘lsa, yordam beramiz. Turkmanistondan mahsulot sotib olish tartibini bilasizmi? Turkmanistonda birjada sotib olinadi. Mana, barcha ishtirok etsin. Biz Raqobat qo‘mitasi va birjadagilar bilan birga avgust oyida mahsulot olib keladigan barcha importyorlarni chaqirib, gaplashdik. 8 ta importyor qatnashdi. Nima yordam kerak ekanini so‘radik”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Mazkur tadbirkorlarni qanday muammolar qiynayotgani haqidagi savolga vazir quyidagicha javob berdi:

“Men boshqa mamlakatning muammolari haqida gapirsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu ularning o‘zining muammosi. Lekin biz tomonda barcha sharoit yaratib berilgan. Biron kompaniyadan „senga olib kelib sotishda cheklov bormi“, deb so‘rab ko‘ring. Lekin hozir cheklov kirityapmiz. Hozir suyultirilgan gaz savdolarida litsenziyasiz ishtirok etadigan 348 ta kompaniya bor. Ular kim? Olib-sotarlar. Hozir o‘sha o‘rtakashlarni yo‘qotyapmiz. Faqatgina litsenziyasi bor, shoxobchasi bor, saqlash joyi borlar qatnashadi endi. Bunga noiloj majbur bo‘ldim”, — dedi u.

Yilning oxirigacha narxlar ozgina bo‘lsa ham barqarorlashadimi degan savolga vazir quyidagicha javob berdi:

“Barqarorlashadi. Hozir narx 8,5 mln so‘m atrofida bo‘lib turibdi. Bu litriga 5500, 6000 so‘m bo‘ladi. Agar „zapravkachilar“ besh qo‘lini baravar og‘ziga solmasa [narx barqarorlashadi]” — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Otabek Bakirov yoqilg‘i quyish shoxobchalarini aybdor qilish noo‘rin ekanini, ularning o‘rtasida raqobat muhiti mavjudligini ta’kidladi. “Tepada raqobat yo‘q bizda, barcha muammo shunda”, — dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122122 | Инструменты