«Golden Seeds Club 2026»: Huawei kompaniyasida hamkorlar uchun “100-person ICT Excellence Program” dasturining birinchi yili yakuni sarhisob qilindi

30-iyul kuni Huawei kompaniyasi ofisida hamkorlar ekotizimining 100 nafar iqtidorli mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan “100-person ICT Excellence Program” ta’lim dasturining faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastur va “Golden Seeds Club 2026” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan buyon O‘zbekistondagi Huawei hamkorlari safidagi AKT sohasi mutaxassislari ta’lim kurslarida qatnashib, xalqaro sertifikatsiyalarga ega bo‘ldilar. 37 nafar ishtirokchi tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish, ma’lumotlarni saqlash tizimlari va kampus tarmoqlarini qurish yo‘nalishlarida texnologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z salohiyatini kengaytirdi.

Kirish nutqida Huawei Enterprise yechimlari va savdolari bo‘yicha direktori Tsun Jian (Cong Jian) mahalliy hamkorlarning ushbu ta’lim tashabbusidagi ishtirokini yuqori baholadi. “O‘zbekistonda turli soha va tarmoqlarning keng ko‘lamli raqamlashtirilishi intellektual texnologiyalarni o‘z vaqtida joriy etishni talab qilmoqda. Shu sababli barqaror AKT infratuzilmasiga, shuningdek, malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Hamkor tashkilotlarimiz mutaxassislarining faol ishtiroki tufayli biz mahalliy ekspertlarni o‘qitish va ularning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldik. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda intellektual transformatsiyani jadallashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Tsun Jian hamda dastur ishtirokchilarini ta’lim kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro ekspert sertifikatsiyasini qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.

Tadbir davomida Huawei ekspertlari hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha yangilangan dastur, shuningdek, hamkorlik ekotizimini yanada rivojlantirish rejalari bilan tanishtirdilar. Hamkorlar bilan ishlash departamenti rahbari Chjan Haotsi (Zhang Haoqi) Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi hamkorlik tizimining 2026-yil birinchi yarmidagi natijalari haqida hisobot taqdim etdi va kompaniya hamkorlarni aniqlash hamda ularni ixtisoslashtirish yo‘nalishlarida tarixiy yutuqlarga erishganini ta’kidladi. Ta’lim dasturi ishtirokchilaridan uch nafari sotuvdan oldingi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha HCSE sertifikatiga ega bo‘ldi.

O‘z navbatida, hamkorlar Huawei kompaniyasi bilan hamkorlik tajribasi, malaka oshirish jarayonlari, raqamlashtirish sohasida amalga oshirilgan loyihalarning muvaffaqiyatli misollari hamda kompaniyaning Xitoydagi bosh qarorgohida o‘tkazilgan treninglardagi ishtiroki haqida o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Fors CA Solutions kompaniyasi muhandisi Lazizbek Abdurahimov O‘zbekistonda hamkorlar orasida ma’lumotlarni saqlash tizimlari yo‘nalishi bo‘yicha HCSE darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritgan ilk mutaxassis bo‘ldi. U Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohida o‘tkazilgan treningda qatnashib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi va sertifikatga ega bo‘ldi. “Ta’lim dasturi doirasida Xitoyda malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslar davomida Huawei kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi va mahalliy ekspertlar tomonidan treninglar o‘tkazildi. Tashrif professional kompetensiyalarimni sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Mazkur ta’lim dasturi esa kelgusida raqamli loyihalarni rivojlantirish uchun ajoyib moddiy-texnik va bilim bazasi hisoblanadi”, — dedi Lazizbek Abdurahimov.

Yechimlar va marketing bo‘yicha ekspert Van Chje (Wang Zhe) Huawei hamkorlari uchun 2026-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan yangilangan sertifikatsiya tizimini taqdim etdi. O‘z nutqida Van Chje Huawei hamkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga intilishini ta’kidladi. Bu qo‘llab-quvvatlash yechimlarni taqdim etish, POC (Proof of Concept — konsepsiyani amaliy sinovdan o‘tkazish), konfiguratsiya va hisob-kitoblarni tayyorlash, shuningdek, o‘zaro manfaatli biznes natijalariga erishish uchun yechimlarni loyihalashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

100-person ICT Excellence Program” dasturi Huawei kompaniyasining O‘zbekistonda AKT iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish strategiyasining bir qismidir. Bugungi kunda Huawei kompaniyasi bo‘lajak mutaxassislar va O‘zbekiston AKT bozorining amaldagi ishtirokchilarini ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlar bilan ta’minlashga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilari uchun O‘zbekistondagi 20 ta universitetda tashkil etilgan Huawei AKT Akademiyalari negizida o‘quv kurslari va xalqaro sertifikatsiya imkoniyatlari mavjud. Har yili AKT Akademiyalari talabalari o‘z bilim va ko‘nikmalarini Huawei ICT Competition tanlovida sinovdan o‘tkazadilar. Bu yil O‘zbekistondan ishtirok etgan ikki jamoa Shenchjenda bo‘lib o‘tgan Huawei ICT Competition 2025–2026 global finalida faxrli o‘rinlarni egalladi. Maktab o‘quvchilari hamda O‘zbekistonning barcha aholisi ham kompaniyaning ta’lim kurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda “5 million AI Leaders” platformasida kompaniyaning 24 ta kursi, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishga bag‘ishlangan kurslar ham mavjud.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan hamkorlar va sertifikatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga mukofotlar topshirildi. Shuningdek, mehmonlar uchun kompaniyaning ko‘rgazma zaliga (showroom) ekskursiya tashkil etildi.

Huawei kompaniyasi O‘zbekistonda 26 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib, mahalliy hamkorlik ekotizimini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni oshirish va yosh AKT iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Kompaniya muntazam ravishda o‘zining yirik sammit va forumlarini o‘tkazadi, shuningdek, yirik xalqaro va mahalliy tadbirlarda faol ishtirok etadi. Huawei kompaniyasi 2026-yil 9–16-avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Informatika bo‘yicha Xalqaro Olimpiadasi IOI 2026 homiysi sifatida ishtirok etadi. Shuningdek, 2026-yil sentabr oyida Huawei an’anaga ko‘ra O‘zbekiston AKT sohasining eng yirik tadbiri — ICTWEEK UZBEKISTAN 2026 haftaligida “Gold Partner” maqomida qatnashadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80316 | Инструменты